Toshkent xalqaro forumi Misr nashri e’tiborida

Toshkent xalqaro forumi Misr nashri e’tiborida

“Joriy yilgi forum O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Bolalar jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilmoqda, - deb yozadi muallif. – Bo‘lajak anjumanda 200 dan ortiq delegat, jumladan, kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha “J-PAL” global tashabbusi, BM TTD, XMT, Jahon banki, YUNICYeF, OTB, FTA, GIZ va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari ishtirok etishi kutilyapti.

Misr OAV ma’lum qilganidek, iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “J-PAL” global tashabbusi hammuassisi Abxijit Banerji, Jorj Vashington universiteti farovonlik iqtisodiyoti va kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha iqtisod professori Jeyms Foster, Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori Sabina Alkayrning forumda ishtirok etishi alohida ahamiyatga ega.

“Xalqaro forumning maqsadi – kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasi va usullarini o‘rganish, yaqin yillarda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o‘qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalar o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatini kengaytirishdan iborat, deb qayd etadi nashr.

Maqolada, shuningdek, ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirishda O‘zbekiston erishgan yutuqlarning usul va natijalarini, jumladan, sa’y-harakatlar samaradorligini ko‘rib chiqishi ta’kidlangan.

“Forum doirasida hamkorlikka oid qator hujjatlarni imzolash va qo‘shma kommyunike qabul qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda “J-PAL” global tashabbusi o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda”, deb yozadi “Sada Al-Balad”.

O‘zA