Betakror Samarqand yana bir nufuzli anjuman ishtirokchilarini qutlamoqda

Betakror Samarqand yana bir nufuzli anjuman ishtirokchilarini qutlamoqda

Dunyoning yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlari, shuningdek turli soha va tarmoqlarga ixtisoslashgan nufuzli tuzilmalar eng yuqori darajadagi anjumanlarini o‘tkazish uchun aynan shu kentni tanlamoqda. Albatta, bu avvalo, “Yangi O‘zbekiston” atalmish tom ma’noda yangilanayotgan mamlakatimizning yil, oy emas, kun sayin o‘sib borayotgan xalqaro mavqei, borgan sari dunyoga ochilayotgan, ilg‘or ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalarni o‘ziga chorlayotgan shaffof imiji bilan bog‘liq. Qolaversa, hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, serquyosh diyorimiz, betakror obidalari bilan olamni hamisha mahliyo aylagan ko‘hna shaharlarimiz, xususan, yer yuzi sivilizatsiyasi, madaniyati beshiklaridan biri sanalgan, Afrosiyob, Maroqand, Samarqand nomlari bilan tanilgan zamin har gal o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamoqda.

Hozirgina Samarqanddagi “Halqaro turizm markazi”da yana bir nufuzli anjuman boshlandi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik anjumani dasturiga ko‘ra, dastlabki tadbir - Donorlarning “Barqarorlikni oshirish uchun donorlar bilan hamkorlik” mavzusidagi yillik yig‘ilishi majmuadagi “Samarkand Regency Hotel” mehmonxonasi “Tashkent” zalida bo‘lib o‘tmoqda. Yopiq sessiya tarzida rejalashtirilgan ushbu yig‘ilish YeTTB faoliyati yo‘lga qo‘yilgan barcha mamlakatlarda aholi turmush tarzini yaxshilash va bank vakolatini bajarishga yo‘naltirilgan ishlarning izchil, uzoq muddatli va ajralmas qismidir.

Ishtirokchilar 2022 yildagi hamkorlik natijasini ko‘rib chiqadilar, mintaqalarga ta’sir ko‘rsatayotgan mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha birgalikda ko‘rilayotgan choralarni tahlil qiladilar.

Tabiiyki, ilk tadbirni ETTB Prezidenti Odil Reno-Basso ochib berdi.

G‘ayrat Xonnazarov,

A’lo Abdullayev,

O‘zA