Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekistonning neft-gaz sohasiga doir stendi bilan tanishdi

Gaz
Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekistonning neft-gaz sohasiga doir stendi bilan tanishdi

Haftalik doirasida “Kaspiy neft va gazi – Caspian Oil&Gas” 28-xalqaro ko‘rgazmasi, “Energetika va yashil energiya – Caspian Power“ 11-xalqaro ko‘rgazmasi va Boku energetika forumi tashkil etildi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu xalqaro ko‘rgazma-anjuman qariyb 30 yildan buyon Ozarbayjonga o‘z salohiyatini sarmoyadorlarga namoyish etishda yordam berib kelayotganini e’tirof etdi.

Prezident, shuningdek, ushbu yirik tadbir mamlakatda neft va gaz sohasiga tamal toshini qo‘yib, iqtisodiy barqarorlik va farovon kelajakni ta’minlashga sababchi bo‘lgan, Ozarbayjon mustaqilligining asoschisi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi keng nishonlanayotgan bir paytda o‘tkazilayotganligiga alohida urg‘u berdi.

Ahamiyatlisi, Kaspiy bo‘yi mintaqasining energetika sohasidagi ushbu nufuzli xalqaro tadbirda jahonning neft va energetika sohasidagi yetakchi kompaniyalari vakillari qatorida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ko‘rgazmaning birinchi kunida Ozarbayjon rahbari ekspozitsiyalar, shu jumladan, O‘zbekistonning neft-gaz sohasiga bag‘ishlangan “O‘zbekneftgaz” AJ stendi bilan ham tanishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan bo‘lgan uchrashuvda “SOCAR” davlat neft kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar ikki davlat munosabatlarini barqaror rivojlantirishga asos bo‘layotganini ta’kidladi.

Ozarbayjon Respublikasi rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ko‘rsatayotgan yetakchiligi va ko‘magi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorligini bildirdi.

O‘z navbatida, haftalik doirasida o‘tkazilgan forumda neft va gaz konlarini o‘zlashtirish, quduqlarni qurish va ulardan foydalanish, burg‘ulash, uskunalarni loyihalash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Boku energiya haftaligi 3-iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA