Uzbekistan GTL kompaniyasi tomonidan xorijlik hamkorlari bilan birgalikda tashkil etilgan tadbir Janubiy Afrikaning Sasol va Daniyaning Haldor Topsoe kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan va hozirda O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan jahon darajasidagi GTL texnologiyalariga bag‘ishlandi.
Ta’kidlash lozimki, GTL texnologiyasi tabiiy gaz resurslariga ega mamlakatlarga neftdan qayta ishlanadigan qimmatbaho suyuq yoqilg‘ilarni ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu noyob qayta ishlash jarayonlari tabiiy gazni benzin, dizel va kerosin kabi suyuq yoqilg‘iga aylantira oladi.
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga 60 milliard kub metrga yaqin tabiiy gaz qazib olish bilan dunyoda eng yirik gaz ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda tabiiy zaxiralarning yil sayin kamayib borayotgani neft zaxiralaridan samarali foydalanish, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni taqozo etmoqda. GTL texnologiyalari esa aynan shu imkoniyatni beradi.
Uzbekistan GTL bosh direktori Faxritdin Abdurasulov konferensiyani GTL texnologiyasini yanada rivojlantirish uchun muhim voqea deb atadi.
– Men ushbu forumni neft va gaz sanoati uchun muhim voqea deb bilaman, – dedi u. – Biz tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator mutaxassislarni birlashtirganimizdan faxrlanamiz. Konferensiya fikr almashish uchun ajoyib maydonga aylanib, bu sohada yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga olib kelishi mumkin. Biz O‘zbekiston jahon energetika sanoatiga o‘zgartiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan GTL texnologiyalarining global markaziga aylanganidan faxrlanamiz.
Konferensiyada Sasol kompaniyasining LTFT™ va Haldor Topsoe kompaniyasining SynCOR texnologiyalari asosida qurilgan GTL uskunalaridan foydalanadigan kompaniyalar muhandis va texnik xodimlari ishtirok etdi. Ular o‘zaro tajriba almashish bilan birga keyingi rivojlanish istiqbollarini belgilab oldilar, GTL texnologiyasidagi samaradorlikni oshiradigan yangiliklarni muhokama qildilar.
– Bu biz uchun yangi texnologiyalar asosida O‘zbekiston sharoitida bajarilgan ishlarni hamkorlarimiz bilan tahlil qilish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi, – deydi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorliklar jamiyati gazni qayta ishlash departamenti boshlig‘i Alisher Bahodirov. – Xorijlik mutaxassislar, shu soha bo‘yicha yirik kompaniyalar vakillari bilan kelgusidagi rejalarimizni belgilab oldik. Jumladan, endilikda sintetik yoqilg‘idan tashqari, sintetik neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarmoqchimiz. Shuningdek, hozirda “O‘zbekneftgaz”da “kondan tayyor mahsulotgacha” tizimi bo‘yicha raqamlashtirish jarayoni kechmoqda.
Daniyaning Haldor Topsoe kompaniyasi texnologiyasi asosida sintez gaz ishlab chiqarishda nau xaulardan foydalanilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston GTL texnologiyasi bo‘yicha sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan dunyodagi beshta davlat qatoriga kirdi. Konferensiya davomida jahondagi yetakchi GTL zavodlari, jumladan Uzbekistan GTL, Oryx GTL, Escravos GTL va Topsoe SynCOR bo‘yicha texnik tadqiqotlar taqdim etildi.
G‘.HASANOV,
O‘zA