Oxirgi daqiqa

Markaziy Osiyo energetikasi siyosatini shakllantirishda O‘zbekistonning roli ortmoqda

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik yil sayin yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan yirik loyihalarni amalga oshirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mintaqaviy energetika xavfsizligini kuchaytirishda muhim ishtirokchi sifatida namoyon bo‘layotir.

Bunday hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki umumiy energetik barqarorlik va integratsiya jarayonlariga ham turtki bermoqda.

Aynan shunday yaqin hamkorlikka yo‘naltirilgan muloqotlar Ostona shahrida start olgan “Kazakhstan Energy Week – 2025” hamda “Kazenergy” XVI Yevroosiyo forumi doirasida ham o‘z ifodasini topdi.

Tadbirda mintaqaning yetakchi kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar va davlat delegatsiyalari ishtirok etib, global energetik o‘zgarishlar, innovatsion texnologiyalar hamda ekologik talablar sharoitida sohaning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Unda Energetika vazirligi boshligiligida delegatsiya forum doirasida o‘z pozitsiyalarini taqdim etdi. Xususan, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, raqamli yechimlarni joriy etish, elektr energetika va neft-gaz sohalarida strategik rivojlanishni ta’minlash masalalari kun tartibida bo‘ldi.

Forum davomida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya qilish imkoniyatlari keng yoritildi.

Energetika vazirligi qayd etganidek, O‘zbekistonning bunday nufuzli muloqotlardagi faol ishtiroki mamlakatning mintaqaviy energetika siyosatini belgilashdagi roli tobora oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa xalqaro sheriklikni mustahkamlash, innovatsiyalar va investitsiyalar uchun yangi yo‘nalishlarni ochishda muhim jarayondir.

Eslatib o‘tamiz, haftalik bugun ham o‘zi ishini davom ettiradi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA