Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyada

Shu kunlarda Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyada bo‘lib turibdi.

Delegatsiyaning xizmat safari davomida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining tarmoqqa integratsiyasi” (Variable Renewable Energy Integration to the Grid - VRE) mavzusida xalqaro o‘quv-seminar tashkil etildi.

Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda ishtirokchilarga Indoneziyaning o‘zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa qo‘shish borasidagi institutsional, texnik va siyosiy yondashuvlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, seminarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini milliy elektr tarmog‘iga samarali integratsiya qilish masalalari mahokamasiga atroflicha e’tibor qaratildi.

Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziya energetika va tabiiy resurslar vazirligi, mahalliy tarmoq operatorlari hamda bir nechta muvaffaqiyatli VRE loyihalari amalga oshirilgan ob’ektlarga tashrif buyurib, ularning faoliyati, boshqaruv mexanizmlari va texnologik yechimlarini o‘rganmoqda. Xususan, VRE loyihalari doirasida fotoelektr stansiyalarini elektr tarmog‘iga barqaror va sinxron tarzda ulash, ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan monitoring orqali nazorat qilish, quvvatning keskin o‘zgarishini kamaytirishga qaratilgan hududiy boshqaruv yechimlari bilan bog‘liq yetuk tajribalar namoyon qilinayotir.

Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur o‘quv va Indoneziya tajribasi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish, ularni milliy tarmoqqa muvaffaqiyatli integratsiya qilish va energetika sohasida barqaror tizim yaratishda amaliy ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, delegatsiyaning amaliy safari 9 may kuni yakunlanadi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA