Joriy yilning 14-16 aprel kunlari “O‘zatom” agentligi direktori Aziz Ahmedxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Vengriya Respublikasida bo‘ldi.
Tashrif doirasida Vengriya tomonining atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, shuningdek, energetika ob’ektlarida sanoat quruq sovutish tizimlarini ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatishning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishish maqsadida bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.
Tashrifning dastlabki qismida delegatsiya Vengriya energetika va iqlim masalalari bo‘yicha davlat kotibi Atilla Shtayner bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida tomonlar atom energetikasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, tajriba almashish va sohaga doir istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vengriya tomoni yadro texnologiyalari yo‘nalishida erishilgan yutuqlar va innovatsion yechimlar bo‘yicha taqdimot namoyish etdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasiga texnik ko‘mak, xususan, suv ta’minoti tizimlariga oid yechimlar muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida soha uchun kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonlik talabalarni Vengriyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish uchun maqsadli kvotalar ajratish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, “MVM EGI” kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘zbek mutaxassislarining malaka oshirish dasturlari bo‘yicha ham fikr yuritildi.
Tashrif yakunida atom energetikasi sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Tomonlar yadro texnologiyalarini rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish va ilg‘or yechimlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. “O‘zatom” agentligi axborot xizmati ma’lum qilganidek, O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur tashrifi atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, soha rivojiga zamin yaratish va mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA