Oxirgi daqiqa

Jahon banki O‘zbekistonga loyiha uchun grant ajratadi

Bu haqda Jahon banki axborot xizmati ma’lum qildi. Xabarda qayd etilishicha, mazkur mablag‘lar energiya subsidiyalarini isloh qilish doirasidagi chora-tadbirlarni rag‘batlantirish uchun ishlatiladi. Ular energiya resurslari iste’molini va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga olib keladi. Xususan, loyiha O‘zbekistonga "uglerod kreditlari"ni (CO2 tonna ekvivalentida o‘lchanadigan, issiqxona gazlari emissiyasi qisqartirilgan qismining miqdori) to‘plab borish va ularni xalqaro uglerod bozorlarida sotish imkonini beradi. Ushbu loyiha O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda Parij kelishuvi doirasidagi birinchi shunday xalqaro tashabbus bo‘lib, mamlakatga jahon uglerod bozori mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

Loyiha energetika sohasida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish va O‘zbekistonda toza energiya ishlab chiqarishga o‘tish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Uning doirasida tegishli institutlar, infratuzilma, tizimlar, jarayonlar, kasbiy-texnik salohiyat, shuningdek, Parij kelishuvida nazarda tutilgan uglerod bozori mexanizmlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yaratiladi va sinovdan o‘tkaziladi. Loyiha tadbirlari mamlakatni kelajakda bunday tashabbuslarni yanada kengroq amalga oshirishga tayyorlaydi.

Loyihani amalga oshirish doirasida 2028 yilgacha har yili O‘zbekistonga energiya subsidiyalarini isloh qilish natijalari uchun rag‘batlantiruvchi tadbirlar sifatida grant mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular emissiyalarni tasdiqlangan qisqarishi uchun ajratiladi. Prognozlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish davrida O‘zbekiston emissiyalarni taxminan 60 million tonnaga qisqartirishi mumkin. Shundan taxminan 2 – 2,5 million tonnasi loyiha doirasida sotib olinadi. Qolgan uglerod birliklarini O‘zbekiston loyiha davomida yaratilgan va sinovdan o‘tgan tizim va mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA