Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston Qozog‘iston Toshkent Toshkent deklaratsiyasi Turkiy Madaniyat va Meros jamg‘armasi

Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi

2026-yil 2–3-sentabr kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi, Birinchi Boku Turkologiya qurultoyining 100 yilligi, buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning 885 yilligiga bag‘ishlangan adabiy, madaniy va gumanitar tadbirlar o‘tkazildi.

Tadbirlar Turkiy Madaniyat va Meros jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari tomonidan tashkil etildi.

3-sentabr kuni Toshkent shahrida “Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: Adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti” mavzusida O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy yubileylariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarni tashkil etish tashabbusi doirasida o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi turkiy xalqlarning umumiy adabiy va madaniy merosini targ‘ib qilish, turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda ijodiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Forumda O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat idoralari vakillari, jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviyning boy adabiy merosi, o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik adabiy aloqalar, tarixiy-madaniy xotirani saqlash hamda turkiy dunyo xalqlarining ma’naviy yaqinlashuvida adabiyotning o‘rni muhokama qilindi.

Turkiy Madaniyat va Meros jamg‘armasi prezidenti Oqtoti Rayimqulova turkiy xalqlarning tili, madaniyati, tarixi va an’analarini asrab-avaylash muhim ekanini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, so‘nggi ikki yil davomida jamg‘arma turkiy xalqlarning boy madaniy merosini saqlash, o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan qariyb 200 ta loyiha va tashabbusni amalga oshirgan.

Forumning muhim natijalaridan biri Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi bo‘ldi.

Hujjatga O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari raislari hamda Turkiy Madaniyat va Meros jamg‘armasi prezidenti imzo chekdi.

Toshkent deklaratsiyasida turkiy dunyoda uzoq muddatli adabiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Unda ijodiy aloqalarni kengaytirish, tarjima faoliyatini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma nashriyot va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda umumiy adabiy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish masalalari o‘rin olgan.

Forum arafasida, 2-sentabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 34-sonli maktabga taniqli qozoq yozuvchisi Rahmatulla Rayimqulov nomi berildi.

2026-yil 2–3-sentabr kunlari o‘tkazilgan tadbirlar turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, tarixiy xotirani asrash va adabiy muloqotni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.