O‘zbekiston tadbirkorlarining 10-13 may kunlariga belgilangan Kobul va Mozori Sharif shaharlariga tashrifi doirasida qator uchrashuvlar, amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Afg‘onistonga tashrifning birinchi kunida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarini tartibga soluvchi mas’ul idoralar vakillari bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida afg‘on tomoni respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning mahalliy bozorga importi jarayonida rioya etilishi lozim bo‘lgan talab, mezonlar, xorijlik ishbilarmonlarga yaratilgan imkoniyat, qulay shart-sharoit haqida batafsil ma’lumot berdi. Vakillarimiz Kobulda O‘zbekiston mahsulotlari uchun tashkil etilgan Savdo uyiga mahsulot joylashtirish, savdo rastalarida namoyish tashkil etish va sotuvga tayyorlanish jarayonida faol ishtirok etdi.
Ushbu hamkorlik missiyasi ikki qo‘shni davlat biznes sub’ektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqasini yo‘lga qo‘yish, milliy eksport salohiyatini kengaytirish va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.


Xususiy sektorlar ishtirokida kechgan “Biznes hamkorlikni mustahkamlash” mavzusidagi uchrashuvda qatnashgan 200 ga yaqin tadbirkor orasida 40 dan ziyod qurilish materiallari, 21 elektrotexnika, 16 oziq-ovqat sanoati va 12 nafar to‘qimachilik va boshqa soha vakillari – jami 100 dan ko‘p o‘zbekistonlik tadbirkor bor edi.


– Biznes-muloqotlar qizg‘in o‘tdi, – dedi O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Yorqin Malikov. – B2B uchrashuvi davomida tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik yo‘llari, jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, qurilish materiallari savdosi, logistika va transport sohalarida sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Tadbir yakunida qator istiqbolli tashabbuslar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ishbilarmonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, savdo va sarmoya loyihalarini amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tashkil etish fikri ma’qullandi.


Bunday tadbirlar har ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlanib, sheriklikda izchillikka erishish zarurligi qayd etildi.
M.Pirmatova, O‘zA