Oxirgi daqiqa

Xitoyning yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Bugun Toshkentda “UzCharmExpo-EurAsia-2025” charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna va qorako‘l hamda mahalliylashtirilgan mahsulotlar 18-xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi, “Xalq banki” hamkorligida tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda Markaziy Osiyo hamda Italiya, Turkiya, Eron, Xitoy, Rossiya davlatlaridan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etyapti.

Mazkur ko‘rgazma doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi o‘rinbosari Mirsaid Zohidov Xitoyning yetakchi poyabzal ishlab chiqaruvchilaridan biri – “Gaffluence” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar olib bordi.

Muzokaralar chog‘ida “Gaffluence” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatiga kirib kelish bo‘yicha aniq va bosqichma-bosqich strategiyasini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, dastlabki bosqichda kompaniya mahalliy korxonalar bilan autsorsing asosida hamkorlik qilib, o‘zining ilg‘or texnologiyalari va ishlab chiqarish standartlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu hamkorlik mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yuqori texnologik tajriba, bilim va innovatsiyalarni o‘zlashtirish imkonini yaratadi. Keyingi bosqichda esa “Gaffluence”ning mamlakatimizda to‘liq ishlab chiqarish bazasi tashkil etiladi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ushbu tashabbus mamlakatga yangi xorijiy investitsiyalar oqimini jalb qilishi, zamonaviy uskunalarni kiritishi va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga keng yo‘l ochadi.