Rossiya Federatsiyasining Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev boshchiligidagi hukumat va ishbilarmonlar delegatsiyasi Buxoroda bo‘ldi. Uchrashuv avvalida viloyat hokimi Botir Zaripov mehmonlarni Buxoroga tashrifi bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, hozirda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik va hamkorlik sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya asosida barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanmoqda.
So‘nggi besh yil ichida Buxoro viloyati va Rossiya Federatsiyasi sub’ektlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikda sezilarli natijalarga erishildi. Rossiya Federatsiyasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasi yuqori bo‘lgan uchta mamlakat qatoriga kiradi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Buxoro viloyati va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 452,0 million AQSH dollarini tashkil etdi. Eksport hajmi 82,0 million AQSH dollari, import hajmi esa 370,0 million AQSH dollariga yetdi va 2022 yilning shu davriga nisbatan 140 foizga o‘sdi.
Joriy yilning 10 oyida bu ko‘rsatkich 322,0 million AQSH dollarini, Rossiyaga eksport esa 73,0 million AQSH dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110 foizga, import hajmi esa 249,0 million dollarga oshdi.
Xususan, eksport yetkazib berishning asosini to‘qimachilik sanoati, tikuvchilik va trikotaj buyumlari, shuningdek, kimyo sanoati, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyo mahsulotlari tashkil etdi. Kelgusi yillarda Rossiya o‘rtasidagi tashqi savdo ko‘rsatkichini 1,0 milliard AQSH dollarga, 2030 yilda esa 2,0 milliard AQSH dollarga yetkazish maqsad qilingan.
– Kelgusida rossiyalik sheriklarimiz bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, sanoatni rivojlantirish, shuningdek, savdo aylanmasini oshirish va Rossiya kompaniyalari ishtirokida yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish ishlarini kuchaytiramiz, – dedi uchrashuvda viloyat hokimi Botir Zaripov. – Shu munosabat bilan Buxoro viloyatidagi investorlar uchun yaratilgan barcha imtiyozlardan foydalangan holda to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika, quyosh panellari ishlab chiqarish, zamonaviy mehmonxonalar qurish, gastronomiya va ekoturizm korxonalarini ochish, farmatsevtika sohasidagi loyihalarni tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida hamkorlik qilishga taklif etamiz.
Uchrashuvda Buxoro viloyati delegatsiyasining Voronej viloyatiga tashrifi doirasida ko‘rilgan masalalar va kelishuvlarning amaliy bosqichiga o‘tish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Xususan, Voronej viloyati agrosanoat, to‘qimachilik, qurilish, sanoat, ta’lim, turizm, tibbiyot kabi tarmoqlarda boy tajriba va imkoniyatga ega ekanligi, mazkur yo‘nalishlarda Buxoro viloyati bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishi ijobiy natija ko‘rsatishi qayd etildi.
Voronej gubernatori samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Buxoro delegatsiyasining Voronejdagi tashrifi chog‘ida qayd etilgan yo‘nalishlarda hamkorlik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini alohida ta’kidladi. Voronej va Buxoro viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, moliya-texnika, transport-logistika tarmoqlari va madaniy-gumanitar, shuningdek, ta’lim va sport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan barcha tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi aytildi.
Shundan kelib chiqib, uchrashuvda ikki viloyat o‘rtasida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” imzolandi.
Mehmonlar Buxorodagi yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroning diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri