Poytaxtimizda IV Jahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi o‘zi ishini boshladi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan Indoneziya, BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) va Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) ko‘magida va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda 75 davlatdan 2 ming nafardan ziyod mahalliy va xorijlik soha vakillari ishtirok etmoqda.
«Inklyuziv kreativlik: o‘zgaruvchan reallik» deb nomlangan mazkur nufuzli tadbirda texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hamda barqaror kelajakni shakllantirishda kreativ sanoatlarning o‘rni kabi masalalar muhokama etiladi.
Shuningdek, konferensiya davomida kreativ iqtisodiyot masalalari bo‘yicha vazirlar uchrashuvi, jahon va O‘zbekistonning kreativ sanoatlari yutuqlari ko‘rgazmasi, shuningdek, ko‘plab vorkshoplar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar kabi muhim tadbirlar tashkil etiladi.
Tadbir doirasida Toshkent shahridagi Zamonaviy san’at markazi qoshida yangi Art-rezidensiyalar ochilishi ham kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, WCCE konferensiyasi 2018 yilda ilk bor Indoneziyada tashkil etilgan bo‘lib, kreativ iqtisodiyot masalalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro platforma sifatida o‘zini namoyon qilgan. WCCE barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va resurslarga bog‘liq iqtisodiyotdan bilim iqtisodiyotiga o‘tishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Ahamiyatlisi, bu gal O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan ushbu “WCCE-2024” konferensiyasi kreativ sanoatlar inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishi, shuningdek, sun’iy intellekt kabi texnologiyalar bu sohadagi tartib-qoidalarni o‘zgartirishi uchun maxsus platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Konferensiyaning rasmiy ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA