Bugungi kunda O‘zbekistonda turli sohalar uchun yaratilayotgan qulay sarmoyaviy muhit, investorlarga berilayotgan imtiyozlar dunyo davlatlarining ko‘plab kompaniyalarini yurtimizga jalb etmoqda.
Xususan, Germaniyaning «Berlin-Chemie» kompaniyasi vakillari va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
"Berlin-Chemie" kompaniyasi asosan surunkali kasalliklarni davolashda ishlatiladigan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Mazkur kompaniya vakillari uchrashuvda dastlab O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi qulay sarmoyaviy muhit, investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar bilan tanishdi.
Kompaniya rahbari Heiko Schveigelning ta’kidlashicha, ularning O‘zbekiston farmatsevtika bozoriga qiziqishi katta bo‘lib, mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi geografik jihatdan qulay joylashuvi, qo‘shni davlatlarga eksportni amalga oshirish uchun yaratilgan imkoniyatlar ularni bu bozorga kirishga rag‘batlantirgan.
Shu bois kelgusida «Berlin-Chemie» kompaniyasi farm mahsulotlarni O‘zbekistonda to‘lov-shartnoma asosida ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov xorijiy kompaniya vakillariga R&D (tadqiqot va ishlanmalar) sohasida tajriba almashish taklifini berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra uchrashuv yakuniga ko‘ra, hamkorlik istiqbollari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish masalalari muhokama qilingan.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA