Oxirgi daqiqa

Guanjouda O‘zbekistonning eksport imkoniyati namoyish etildi

Joriy yil 25-28 avgust kunlari Guanjouda bo‘lib o‘tgan “31st Guangzhou Fair” anjumanida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi va mahsulotlarimiz namoyish etildi.

Ko‘rgazmaga yurtimizda ishlab chiqarilib, eksportga yo‘naltirilayotgan 20 dan ortiq turdagi qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi va qandolat mahsuloti qo‘yilgan.

Shuningdek, delegatsiyamiz a’zolari O‘zbekistonning sayyohlik va eksport salohiyati taqdimotini o‘tkazib, Guandun import mahsulotlari uyushmasi (GDIFA) bosh kotibi o‘rinbosari Vensi Tan bilan muzokara ham olib bordi.

Uchrashuv natijasida shu yil 21-23 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan “Food2China Expo and the Guangzhou International Food & Ingredient Fair” ko‘rgazmasida ishtirok etadigan o‘zbek kompaniyalari stendlari uchun chegirma berish, mamlakatimiz eksportchilari, hududiy ishlab chiqaruvchilari va Guandun hamda Futszyan muzofotlari importyorlari, savdo tarmoqlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

90 ming kvadrat/metr maydonda tashkil etilgan, 9 ayvondan iborat ko‘rgazmada shaharsozlik va mahalliy shaharlar targ‘iboti, qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi texnologiyalar namoyish etilgan.

Shuningdek, majmuada yangi oziq-ovqat va xalqaro miqyosda yetkazish zanjiri, texnologiya va uskunalar, keksalar sog‘lig‘ini saqlash sanoati, tibbiyot kabi yo‘nalishlar ham qamrab olingan.

O‘zA