Alibaba.comning vitse-prezidenti Kris Jou yurtimizga tashrif buyurdi

Alibaba.comning vitse-prezidenti Kris Jou yurtimizga tashrif buyurdi

Xitoyning elektron tijorat, chakana savdo, internet va texnologiyalarga ixtisoslashgan transmilliy texnologik kompaniyasi Alibaba.com dunyo boʻylab veb-portallar orqali xalqaro savdo xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. 2022-yil iyul oyida birinchi boʻlib Oʻzbekistonda tashkil topgan NEO.uz kompaniyasiga Alibaba.com xalqaro servis hamkori maqomi berildi. Natijada Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyoning barcha davlatlariga ushbu kompaniya oʻz xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda. Hozirgi kunda 150 ga yaqin korxona Alibaba.com platformasida xalqaro elektron savdo orqali oʻz mahsulotlarini chet davlatlarga eksport qilmoqda. Kompaniyaning Oʻzbekiston imkoniyatlariga boʻlgan qiziqishlari ortmoqda.

Bugun — 8-avgust kuni Alibaba.comning vitse-prezidenti Kris Jou tarixda birinchi bor yurtimizga tashrif buyurdi hamda “BMB Trade Group” kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov bilan uchrashdi. Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2022-yili BMB Export-Import Global kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi hamda mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi koʻmagida Alibaba.com internet savdo platformasida oʻz sahifasini yaratgan va “Golden Supplier” maqomini qoʻlga kiritgan edi. Mazkur sahifada BMB Trade Group kompaniyasi tomonidan jahon bozoriga eksport qilinishi mumkin boʻlgan mamlakatimizda yetishtirilayotgan zaʼfaron, quruq mevalar, dukkakli mahsulotlar, shuningdek, boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari haqidagi batafsil maʼlumotlar oʻrin olgan.

Tashrif doirasida Alibaba.com vakillari hamkorlar, eksportchilar va bu boradagi dasturlarning davlat tomonidan qay darajada qoʻllab-quvvatlanayotganiga guvoh boʻlishdi, shuningdek, yoʻnalishdagi kelgusi rejalar bilan yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, kun davomida Alibaba.com kompaniyasi strategik rivojlanish boʻyicha vitse-prezidenti Kris Jou Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan ham uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda mavjud elektron xizmatlar orqali iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesdagi tadbirkorlarning elektron tijoratdagi koʻnikmalarini oshirishga eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda mamlakatimizda dukkakli oʻsimliklar, turli mevalar bozori kengayib, eksport darajasi oshmoqda.

Alibaba.com kompaniyasi strategik rivojlanish boʻyicha vitse-prezidenti Kris Jou tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov bilan ham uchrashib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti va sohada amalga oshirilayotgan samarali ishlar bilan tanishdi va oʻzaro hamkorlikka oid mulohazalarini bildirdi.