Qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida “Turkiy dunyo yoshlar poytaxti – 2026” loyihasi doirasidagi ikki kun davom etgan xalqaro yoshlar forumi yakunlandi.
Forumda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning yoshlar siyosati uchun mas’ul davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlarining rasmiy delegatsiyalari ishtirok etdi.
Joriy yilning iyun oyida Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Turkiy dunyo yoshlar poytaxti – 2025” yoshlar forumining rasmiy yopilish marosimida mazkur estafetaning ramziy kaliti mamlakatimiz vakillariga taqdim etildi.
Xiva shahrining “Turkiy dunyo yoshlar poytaxti – 2026” ega bo‘lishi ham bejizga emas. Chunki, ko‘p asrlik tarix va boy madaniy merosga ega Xiva turkiy xalqlarni birlashtirib turadigan mushtarak qadriyatlarning yorqin timsolidir.
Tantanali ochilish marosimida Xivaning ushbu maqomni qo‘lga kiritishi O‘zbekistonda yoshlar siyosatining yangi bosqichga chiqqanidan dalolatdir.
“Turkiy dunyo yoshlar poytaxti” – turkiy davlatlar yoshlarini birlashtiruvchi strategik platforma bo‘lib, yoshlar o‘rtasida tajriba almashish, ijodiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish hamda umumiy qadriyatlarga asoslangan barqaror va kelajakka yo‘naltirilgan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
– 2025-yil 16-17-oktabr kunlari Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning Yoshlar va sport ishlari bo‘yicha vazirlarining IX yig‘ilishi doirasida 2026-yilda “Turkiy dunyo yoshlar poytaxti” loyihasiga O‘zbekiston Respublikasi mezbonlik qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan, – deydi Turkiya Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi departament boshlig‘i Hasan Urhan. – Loyihaning asosiy maqsadi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash maqsadida turkiy davlatlar yoshlarini O‘zbekistonda birlashtirish, ularning yetakchilik, tadbirkorlik va ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun samarali xalqaro muloqot platformasini yaratishdan iborat.
Forum shunchaki madaniy uchrashuv emas, balki turkiy tilli davlatlar yoshlarining kelajak poydevorini quruvchi yirik strategik platformadir. Uning kun tartibidan raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi eng dolzarb masalalar o‘rin oldi.
– Xivaga birinchi bor kelishim, – deydi forum ishtirokchisi Baxtigul Aytaliyeva (Qirg‘iz Respublikasi). – Ushbu go‘zal shaharning poytaxt sifatida tanlanganligini endi tushundim. Menda juda katta taassurot qoldirdi. Forum doirasidagi konferensiyada yoshlarni buzg‘unchi ta’sirlardan himoya qilish strategiyalari bo‘yicha tajriba almashdik. Zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildik.
Forum doirasida Turkiy dunyo yoshlari o‘rtasida ekologik ta’lim va barqaror “yashil” amaliyotlar bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratiladi.
– Konferensiyada mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasida O‘zbekistonda juda katta loyihalarning amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot oldik, – deydi forum ishtirokchisi Nargiz Ismayilli (Ozarbayjon). – “Yashil makon” umummilliy loyihasi shular jumlasidandir. Bugungi yoshlarning ekologik ta’limiga bag‘ishlangan konferensiya parallel ravishda tashkil etilib, ekologik ta’lim, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va “yashil” kun tartibini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur “Xiva – Turkiy dunyo yoshlar poytaxti – 2026” loyihasi doirasidagi tadbirlar shuning bilan tugamadi. Hali yana Xivada o‘tkaziladigan ko‘plab muhim forum va konferensiyalar bor. Bu esa turkiy dunyo yoshlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda yigit-qizlarning tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsion salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.