Germaniyada shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan mukofot jamg‘armasi 285 ming yevrodan iborat “Grenke Chess Festival-2026” turnirining klassik yo‘nalishidagi bahslarida ishtirok etgan yosh grossmeysterimiz Muhammadzohid Suyarov 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Iqtidorli shaxmatchimiz Suyarov 9 ta turdan iborat bahslarni mag‘lubiyatsiz yakunladi. 7 ta g‘alaba, 2 ta durang qayd etgan Muhammadzohid 8 ochko bilan 1-o‘rinni egallashi ortidan 20 ming yevro miqdoridagi sovrin jamg‘armasiga ega chiqdi.

Shuningdek, turnirning ushbu yo‘nalishida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan hamyurtlarimizdan Muhammadali Abdurahmonov va Humoyun Bekmuratov 6,5 ochko bilan, Gulruhbegim Tohirjonova 6 ochko bilan 94-o‘rinni egalladi.
Musobaqaning “Freestyle open” o‘yinlarida dona surgan O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibdagi shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 317 nafar shaxmatchi orasida 7-o‘rinni, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov 6,5 ochko bilan 11 va 18-qatorlarni, Afruza Hamdamova 5 ochko bilan 80-pog‘onani band etdi.

“Freestyle open” yo‘nalishida germaniyalik Vinsent Keymer 9 ta imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘argan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav 7,5 ochko bilan 2-o‘rinni, Magnus Karlsen 7 ochko bilan 3-o‘rin sohibiga aylandi.
Yakunlangan “Grenke Chess Festival-2026” musobaqalari davomida shaxmatchilarimizning ishonchli o‘yin namoyish etishi, dunyoning eng kuchlilari bilan kechgan bahslarda katta tajriba to‘plashi kelgusi musobaqalarda o‘z so‘zini aytishiga ishonch bildirib qolamiz.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA