Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iziston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni munosabati bilan samimiy qutlab, unga chin dildan mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.

Sadir Japarov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hamda Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi.

Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati tobora ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi jadal o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, jumladan, ishga tushirilgan Qo‘shma jamg‘arma doirasida amalga oshirilmoqda. Yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Bo‘lajak oliy darajadagi sammit kun tartibini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.