O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalardagi muloqotlar davom etmoqda. O‘tgan hafta Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga puxta tayyorgarlik ko‘rish, uning iqtisodiy kun tartibini aniq loyihalar va dasturlar bilan boyitish muhimligi ta’kidlandi.