Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari kun tartibidagi masalalarni muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va qardosh O‘zbekiston xalqi farovonligi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotgani, jumladan, tovar ayirboshlash hajmi oshayotgani, ustuvor tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.