Oxirgi daqiqa

Mustaqillik tufayli O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallamoqda

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlashga oid qarori e’lon qilindi.

Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Bu hujjat yurtimiz hayotidagi muhim siyosiy va ma’naviy voqea bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardim. Bu qaror orqali biz nafaqat bir muhim sanani nishonlashni, balki mustaqillikning mazmun-mohiyatini yanada chuqur anglashni, uning qadriga yetishni, xalqimiz ongiga singdirishni maqsad qilganmiz.

Mustaqillik – bu bizning eng katta yutug‘imiz. U xalqimizning asrlar davomidagi orzu-umidlari, ozod va farovon hayotga bo‘lgan intilishlarining amalga oshgan ifodasidir. Bugun aynan shu ne’mat tufayli O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilab, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallab bormoqda.

Qarorda belgilangan vazifalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda, mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng yoritish masalasi bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.

Boisi, har bir fuqaro mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni, yaratilayotgan imkoniyatlarni chuqur anglasa, u islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanadi. Bu esa, o‘z navbatida, taraqqiyotni yanada jadallashtiradi.

Qarorda iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligini oshirishga alohida urg‘u berilgan. Bugungi kunda yurtimizda sanoat, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlanmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, aholi daromadlari oshib bormoqda. Bu, albatta, mustaqillik samarasidir.

Shu bilan birga, yoshlarga oid masalalarning ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani juda muhim. Zero, yoshlar – yurtimizning kelajagi, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari. Ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar – sifatli ta’lim, zamonaviy kasb-hunarlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bularning barchasi kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.

Qarorda ijtimoiy himoya, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, nuroniylarga e’tibor kabi masalalarga ham alohida o‘rin berilgan. Bu esa, davlat siyosatining markazida inson qadri turganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yana bir muhim jihat, jamiyatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash masalasidir. Bugungi globallashuv sharoitida tinchlik va barqarorlikni saqlash – eng ustuvor vazifalardan biri. Shu nuqtai nazardan, qarorda belgilangan chora-tadbirlar yurtimizdagi hamjihatlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, festivallar, ilmiy anjumanlar, ijodiy loyihalar – bularning barchasi xalqimizning milliy g‘ururini oshirish, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Men senator sifatida shuni alohida qayd etmoqchimanki, ushbu qaror ijrosini ta’minlashda parlamentning ham o‘rni beqiyos. Biz belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilib boramiz. Chunki har bir amalga oshirilayotgan ish ortida xalq manfaati, yurt taraqqiyoti turibdi.

Ishonamanki, mustaqilligimizning 35 yilligi yurtimizda umumxalq bayrami sifatida yuksak ruhda nishonlanadi. Bu, nafaqat bayram, balki o‘tgan yo‘limizni sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarimizni tahlil etish va kelajak uchun yangi marralarni belgilab olish imkoniyati hamdir.

Eng muhimi, bu jarayon barchamizni birlashtiradi, Vatanimizga bo‘lgan mehr va sadoqatimizni yanada mustahkamlaydi.

N.Abduraimova,

O‘zA