Oxirgi daqiqa

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlari jadallashdi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

2025 yilda 28 normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi natijasida 59 hujjat Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirildi.

2023 yildan buyon moslashtirilgan hujjatlarning umumiy soni 160 tadan oshdi.

Bu raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti va adliya vaziri Akbar Toshqulov uchrashuvida qayd etildi.

Uchrashuv davomida milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish, “Byurokratiyani bartaraf etish” dasturi doirasida davlat xizmatlarini soddalashtirish, raqamlashtirish va inson manfaatiga yo‘naltirish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi sudini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Adliya vaziri vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish orqali byurokratik to‘siqlar izchil qisqarib borayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyati doirasida kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

N.Abduraimova,

O‘zA