O‘zbekiston tarixda ilk bor Yevropa Ittifoqining eng yirik va eng raqobatbardosh ilmiy-innovatsion dasturi — “Horizon Europe” ishtirokchisiga aylandi. Mamlakatimiz ilm-fani va oliy ta’lim tizimi rivojida muhim burilish nuqtasi sifatida e’tirof etilayotgan mazkur voqea global ilmiy-texnologik maydondagi o‘rnimiz mustahkamlanayotganini anglatadi.
Tanlovda g‘olib chiqqan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Geologiya fanlari universiteti hamda “O‘zbek texnologik metallar kombinati” AJ xalqaro “TiBeRIUM” loyihasi tarkibiga kirdi. Ushbu dastur Yevropa uchun strategik ahamiyatga ega titan va berilliy resurslarini chuqur o‘rganish, mazkur moddalarni ekologik jihatdan samarali qayta ishlash orqali barqaror ta’minot zanjirini shakllantirishga qaratilgan.

Ma’lumki, YeI tomonidan muhim xom ashyo sifatida baholanadigan titan va berilliy aviatsiya, energetika, “yashil” texnologiya va raqamli sanoatda keng qo‘llanadi, sanoat barqarorligi va texnologiya mustaqilligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. “TiBeRIUM” doirasida O‘zbekiston 8,5 million yevro grant oladi. Bu YeI dasturi orqali hozirgacha taqdim etilgan eng yirik ilmiy moliyaviy manbadir.
Loyihada Germaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Ispaniya, Belgiya, Finlyandiya, Polsha, Gretsiya, Kipr, Bolgariya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan jami 25 tashkilot ishtirok etmoqda.
Eng muhimi, bu tanlov yurtimiz oddiy xom ashyo yetkazib beruvchidan ilmiy tadqiqot, qayta ishlash texnologiyasi va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga asoslangan modelga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Zero, keyingi yillarda respublikamiz nafaqat ilm-fan, balki iqtisodiyot uchun ham yuqori daromad, texnologik bilim va uzoq muddatli rivojlanish salohiyatini namoyon etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA