Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida mahsulot ayirboshlash 16 foiz oshgan

Muloqotda asosiy vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va ta’lim muassasalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

Dastlab davlat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy va ishonchli munosabat tufayli mustahkamlanib borayotgan o‘zaro hamkorlik tez sur’atda, izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Shu kungacha erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli bajarilayotgani qayd etildi.

Xususan, fevral oyida Toshkentda o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon hududlararo forumi va Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi ishbilarmon doiralarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasini rivojlantirish, hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zamin yaratdi.

Ahamiyatli jihati, birgina 2022 yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar, joriy yil boshidan buyon esa yana 16 foiz oshdi. Jumladan, Ozarbayjonga jo‘natilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari 2,6 barobar, mexanik uskunalar 19,7 foiz, shisha va shisha buyumlar 76 foiz oshdi. Shu nuqtai nazardan, yaqin yillarda o‘zaro mahsulot ayirboshlash miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish uchun ikki mamlakat iqtisodiyoti yetarli salohiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish zarurligi ma’qullandi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi. Ikki yil ichida 40 ga yaqin korxona ishga tushdi. Ozarbayjonda O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 70 dan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Uchrashuvda energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 12-yig‘ilishi bayonnomasi hamda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi boshqa bir qator hujjatlar imzolandi.

O‘zA