Tashrif chog‘ida mahalliy korxonalarimiz “Barcelona Textile Expo-2023” xalqaro ko‘rgazmasida o‘z stendlari bilan ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Yevropadagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri sanaladigan ushbu anjumanda bu gal Ispaniya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Koreya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Pokiston, Misr va O‘zbekistondan 170 ga yaqin kompaniya, 10 mingdan ziyod mutaxassis qatnashdi. Ko‘rgazma ishtirokchilari va to‘qimachilik mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvi ishbilarmonlar O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalariga buyurtma berishga katta qiziqish bildirdi. Muzokara natijasida qator xorij kompaniyalari vakillari bilan eksport sharnomalari tuzish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Delegatsiyamiz a’zolari Barselona Savdo-sanoat palatasi, Ispaniyaning “ACIR” kompaniyasi va “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi bilan hamkorlikda ushbu yirik shaharda tashkil etilgan O‘zbekiston savdo uyi ochilish marosimida ham ishtirok etishdi. Gibrid shaklda o‘tgan tadbirda “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Barselona savdo-sanoat palatasi xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori M.Oriols, “ACIR” kompaniyasi prezidenti E.Gulyan, O‘zbekistonning Barselona va Valensiya shaharlaridagi faxriy konsullari P.Visens va X.Chikilyo hamda ikki mamlakat tadbirkorlari qatnashdi.
Tomonlar mazkur tashabbusni yuqori baholab, O‘zbekistonni jadal rivojlanayotgan, jahon hamjamiyatida o‘ziga xos savdo va iqtisodiy salohiyatga ega davlat sifatida e’tirof etishdi.
Nafaqat Yevropa Ittifoqi bozori sifatida, balki Ispaniyaning Lotin Amerikasi davlatlari bilan kuchli tarixiy savdo aloqasi sababli ham, o‘zaro manfaatli hamkorlikka katta qiziqish bildirildi. M.Oriols O‘zbekiston uchun Ispaniya ishonchli hamkor bo‘lib qolishi, Ispaniya O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi asosiy sherik sifatida qarayotganini alohida urg‘uladi.
O‘zbekiston Savdo uyi Barselona shahrida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi maydon sifatida faoliyat yuritadi. Ayni jarayonda mahalliy mahsulotlarimizni yetkazib berish, saqlash va tarqatish uchun 370 mingdan ortiq a’zoga ega Barselona Savdo-sanoat palatasi salohiyatidan unumli foydalanish mumkin. Ikki davlat tadbirkorlari ushbu platformani yuqori baholab, hozirgi kunda yuqori sifat va jozibador narxga ega o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Barselona orqali butun Ispaniya bozoriga kirib borishi uchun keng imkoniyat ochishini ta’kidladilar.
O‘zA