"O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" temir yo‘li qurilishi bo‘yicha bitim imzolandi

"O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" temir yo‘li qurilishi bo‘yicha bitim imzolandi

Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Samarqandda Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tegishli idoralari o‘rtasida "O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy" temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Mazkur hujjat bilan Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha barcha ishlarni 2023 yilning birinchi yarim yilligida yakunlash belgilangan. Shuningdek, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishda tomonlarning ishtiroki, moliyalashtirish va xarajatlarni taqsimlashiga aniqlik kiritilgan.

Loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, temir yo‘l qurilishi butun Markaziy Osiyo mintaqasining transport va tranzit salohiyatini oshiradi.

Magistral Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni Kaspiy dengizi portlari va undan keyin Yevropa bilan, kelajakda esa Transafg‘on temir yo‘li orqali Pokiston portlari bilan bog‘lashi mumkin.



O‘zA