O‘zbekiston va Rossiya parlamentlararo hamkorligining ahamiyati

O‘zbekiston va Rossiya parlamentlararo hamkorligining ahamiyati

8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentlar ayol rahbarlarining xalqaro sammitida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisining o‘rinbosari Galina Karelovani qabul qildi.

Rossiya parlamenti rahbarining o‘rinbosari O‘zbekiston yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida keyingi yillarda yuksak darajaga erishilganini, ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga ikki mamlakat parlamentlarining yaqin va samarali aloqalari faol hissa qo‘shmoqda.

Bunday sermahsul muloqotlarni, shu jumladan ko‘p tomonlama tuzilmalar - Parlamentlararo ittifoq va MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasida davom ettirish muhimligi qayd etildi.