O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘zaro aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Bu esa barcha sohalarda hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishda muhim omil bo‘layotir.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Energetika vazirligi o‘rtasida energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolanishi ham ana shunday aloqalarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik energetika sohasini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

“Yo‘l xaritasi” O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev va Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahboz tomonidan imzolandi.

Vazirlik taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2022-2023 yillar davomida tomonlar mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda tegishli tanlovlarda ishtirok etishga taklif qilishi, xususiy investitsiyalar hisobidan yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish sohasida bilim va ilg‘or tajriba almashishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, energiya (elektr energiyasi va tabiiy gaz) bozorlarini liberallashtirish va yaratish, xususiylashtirishda tomonlarning ishtirokini ta’minlash va xususiy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari bo‘yicha tajriba va axborot almashishni amalga oshirish ham inobatga olingan.

Imzolangan "Yo‘l xaritasi"ga asosan energiya resurslaridan samarali foydalanish sohasida hamkorlikni tashkil etish, investitsiyalarga xususiy sektorni jalb qilish, kadrlar tayyorlash tadbirlari ham rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ va “SOCAR” kompaniyasi kimyo va neft-gaz mahsulotlarini eksport/import qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etadi. “SOCAR” bilan Ozarbayjon hududida geologik qidiruv va uglevodorodlarni qazib olish loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ishlab chiqish, “O‘zbekneftgaz” korxonalari xodimlarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va tajriba almashish, DXSH tamoyillari asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashish ushbu hujjatda ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Ozarbayjon Respublikasining “SOCAR” kompaniyasi delegatsiyasi a’zolari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.



N.Ziyodullayeva,
O‘zA