O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvidagi yangi bosqich

O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvidagi yangi bosqich

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaratilgan hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashning ustuvor maqsad va vazifalarini o‘zida mujassam etgan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da “mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va yurtimizning jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish choralarini ko‘rish” ustuvor maqsad etib belgilangan.

Shu bilan birga davlatimiz investitsion salohiyatini xalqaro biznes hamjamiyatiga yaqindan tanishtirish maqsadida Toshkent shahrida har yili “Toshkent xalqaro investitsiya forumi”ni o‘tkazib borish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Iqtisodiy taraqqiyotga erishish yo‘lida belgilangan bunday ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirish hamda respublikamiz iqtisodiyotida o‘z faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari, jahondagi yirik kompaniya va korporatsiyalarni jalb etish maqsadida ilk bor tashkil etilgan mazkur anjuman 24-26 mart kunlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi milliy iqtisodiyotdagi sanoatlashtirishning yuqori imkoniyatini hamda investitsion salohiyatimizni xalqaro biznes hamjamiyatiga yaqindan tanishtirgan holda xalqaro moliya institutlari va xorijiy investorlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, sohadagi o‘sish sur’atini zamon talablari darajasiga ko‘tarish maqsadida so‘nggi yillarda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni istiqbolli loyihalar amalga oshirish orqali kengaytirishga, shuningdek yirik investitsion g‘oyalarni moliyalashtirishga xalqaro moliya institutlari mablag‘ini keng jalb etishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu yo‘lda Jahon savdo tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi yirik tuzilmalar bilan izchil va faol aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida mamlakatimizla milliy iqtisodiyotning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiluvchi iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish, infratuzilmani jadal rivojlantirishni davom ettirish, iqtisodiyotni sanoatlashtirish doirasida boy xom ashyo zaxiralarimizni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, inson kapitaliga investitsiya kiritish, tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, eksport va import faoliyati uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, biznes muhitini yanada yaxshilash kabi eng muhim, ustuvor yo‘nalishlarni ta’kidlab o‘tdi. Darhaqiqat, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilaydigan yo‘nalishlar mamlakat investitsion salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan bir qatorda milliy iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalarida barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atiga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz jahondagi nufuzli xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda ta’limni rivojlantirish, zamonaviy energetika tizimini barpo etish, bank-moliya tizimini isloh qilish, kichik biznes va qishloq xo‘jaligi korxonalarini, xususiy tadbirkorlik sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sanoat va savdo, davlat boshqaruvi, transport tizimi, sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish, suv ta’minoti va shahar infratuzilmasini yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiyalash, turizm infratuzilmasi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini yuksaltirish, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish hamda yengil sanoat tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Yaqin istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlik doirasida yashil energiyadan innovatsion sanoatgacha, qishloq xo‘jaligidan iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlar ustuvorlik kasb etadi. Shuningdek sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

Yuqori darajadagi anjuman doirasida jahon biznes hamjamiyati, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari vakillari tomonidan Yangi O‘zbekistonning ustuvor maqsadi xalqaro iqtisodiy munosabatni erkinlashtirish va iqtisodiyot raqobatbardoshliligini oshirish, shu orqali mamlakatning tashqi savdodagi o‘rni mustahkamlanishini ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va aholi turmush farovonligini yanada oshirish ekani qayd etildi. Darhaqiqat, forum xalqaro hamkorlikni yuksak darajaga chiqarish va istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutuvchi maydon vazifasini o‘tadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar doirasida xalqaro moliya institutlarining iqtisodiyotimiz taraqqiyoti bo‘yicha prognozi ijobiy. Shu bois ayni yo‘nalishdagi aloqalar tobora chuqurlashmoqda. Milliy iqtisodiyotning tarmoq va sohalarida ishlab chiqarish salohiyatini oshirish yo‘lidagi bunday ijobiy tendensiya mamlakatimizda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish, “yashil” texnologiyalarni, innovatsion taraqqiyotni ta’minlash orqali iqtisodiy o‘sish sur’atini barqarorlashtirish, pirovard natijada aholi turmushi farovonligini oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.



Jasurbek Ataniyazov,

Toshkent moliya instituti

“Xalqaro moliya-kredit” kafedrasi mudiri,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor