O‘zbekistonliklar tashabbusi UIPM tomonidan qo‘llab-quvvatlandi

O‘zbekistonliklar tashabbusi UIPM tomonidan qo‘llab-quvvatlandi

O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Kseniya Gulyamova UIPM Xotin-qizlar qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi.

Ma’lumki, 2021 yil 27-28 noyabr kunlari Xalqaro zamonaviy beshkurash ittifoqi(UIPM)ning onlayn tarzda o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi tomonidan sportchilar, murabbiylar, hakamlar va sport federatsiyalari rahbarlari orasida gender tenglikni ta’minlash maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasini tuzish g‘oyasi ilgari surilgandi.
Ahamiyatlisi, vakillarimiz tashabbus UIPM a’zolarining 95 foizi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, kuni kecha UIPM ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirokida onlayn kongress bo‘lib o‘tdi. Unda yangi tashkil etilgan UIPM Xotin-qizlar qo‘mitasi a’zolari tayinlandi.
E’tiborlisi, nomzodlar safidan O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi bosh kotibi, O‘zbekiston polo federatsiyasi raisi o‘rinbosari Kseniya Gulyamova ham joy oldi. Tashkilot nizomiga ko‘ra, hamyurtimiz ushbu vazifada 2024 yilga qadar faoliyat ko‘rsatadi.



T. Ro‘ziyev, O‘zA