O‘zbekiston – Xitoy “aql markazlari” hamkorligi rivojlanadi

O‘zbekiston – Xitoy “aql markazlari” hamkorligi rivojlanadi

Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining Yevroosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida “Ikki tomonlama hamkorlik va davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish” mavzusida simpozium bo‘lib o‘tdi. O‘zA muxbiri mazkur anjumanda ishtirok etgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning ikki mamlakat hamkorligiga oid fikrlarini yozib oldi.

bugungi kunda O‘zbekiston - Xitoy munosabati yangi, strategik bosqichga ko‘tarilgan, davlatlarimiz o‘rtasida turli yo‘nalishda ko‘plab yirik loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, infratizimni yaxshilash, ishlab chiqarish hajmini oshirish, savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirishga doir aniq choralar ko‘rilyapti. Buni anjuman chog‘ida Xitoy hukumati maxsus vakili ham alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2016 yili o‘rnatilgan, erishilayotgan yutuqlar asosi bo‘lib xizmat qilayotgan strategik sheriklik natijasida so‘nggi yillarda o‘zaro munosabat tubdan o‘zgardi.

bugungi kunda Xitoy respublikamizning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri. Birgalikda turli soha, tarmoqlarda o‘nlab xalqaro ahamiyatga molik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida, shuningdek infratizimni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar, masalan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘llari barpo etish rejasi ilgari surilgan.

Faktlarga murojaat qilamiz. Ikki mamlakat tashqi savdo aylanmasi 2019 yil 7.2 milliard dollar, 2020 yil - pandemiya avjiga chiqqan davrda 6.4 milliard dollarga teng bo‘ldi. 2021 yil 11 oyi yakunlari bo‘yicha tahlil qilingan ma’lumotga asosan, bu ko‘rsatkich 6.7 milliard dollarni tashkil qildi. O‘sish sur’ati yaqqol ko‘rinib turibdi.

Yana bir jihat. 2020 yil mobaynida Xitoy O‘zbekiston importining 22 foizini qoplagan. Mamlakatimiz eksportida esa statistikaning 10 foizdan ortig‘i ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu misollar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal sur’atda rivojlanib borayotganidan darak beradi.

Sheriklik jarayonida infratizim ob’ektlari qurilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunga Angren – Pop temir yo‘lini misol qilib keltirish mumkin. Madaniyat, ta’lim sohalarini oladigan bo‘lsak, endilikda ko‘plab O‘zbekiston yoshlari Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyapti. Buning uchun Xitoy tomonidan muntazam ravishda grantlar ajratilmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va Xitoy aloqalari pandemiya davrida ham to‘xtagani yo‘q. Aksincha, aloqalar rivojlanib, ikki do‘st mamlakat o‘rtasida gumanitar yordam almashinuvi samarali yo‘lga qo‘yildi. Eng zarur paytda avval O‘zbekiston, keyin Xitoy hukumati tomonidan pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida o‘zaro insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Mazkur simpozium mamlakatimizdagi aql markazlari ishtirokida tashkil etilishi ham bejiz emas. Zero, yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayonida davlat idoralari vakillari, siyosatchilar tahlilchi mutaxassislar va OAV bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan holda ular bilan bevosita hamkorlik qilyapti. Demak, ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan maqsadlardan yana biri aql markazlari va OAV vakillarini olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati bilan yanada yaqindan tanishtirish, ayni masalada ularning ogohligini oshirish.

Shu ma’noda anjuman dasturiga ko‘ra belgilangan masalalar muhokamasi chog‘i ikki tomonlama aloqani mustahkamlash nuqtai nazaridan, Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda yana qanday ishlar amalga oshirish mumkin, degan savolga birgalikda javob izlandi.

Umuman, butun dunyoda aql markazlarini rivojlantirishga jiddiy e’tibor berilayotgan bir paytda Xitoyning shunday tuzilmalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, global reytingda Xitoy aql markazlari soniga ko‘ra dunyoda 2-o‘rinnni egallaydi, ayrimlari esa kuchli o‘nlikka kiradi. Demak, mazkur yo‘nalishdagi sheriklikni mustahqamlash qay darajada dolzarb ekani ayon. Eng muhimi, bunday hamkorlik ikki davat manfaatiga birdek xizmat qiladi.

G‘ayrat XONNAZAROV tayyorladi.

O‘zA