O‘zbek adibining kitobi Serbiyada chop etildi

O‘zbek adibining kitobi Serbiyada chop etildi

Taniqli o‘zbek adibi, ist’edodli dramaturg Qo‘chqor Norqobilning “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” (“Xochu uvidet tvoi glaza”) hamda “Qordagi lola” (“Tyulpan na snegu”) nomli kitoblari Rossiya Federatsiyasida ko‘p ming nusxada chop etilgani va ular kitobxonlar tomonidan iliq kutub olingani haqida xabar bergan edik.

Rus tilida nashr etilgan “Xochu uvidet tvoi glaza” deb nomlangan kitobni taniqli serb adibasi va tarjimon, professor Valentina Novkovich serb tiliga tarjima qildi. Mazkur kitob endilikda serb o‘quvchilari qo‘liga yetib bordi. Asar tarjimoni kitobga yozgan so‘zboshisida adib ijodini shunday baholaydi:

“O‘zbek adibining inson qismati, qalb iztiroblarini umumbashariy g‘oyalarga uyg‘unlashtirib teran va falsafiy tasvirlashi meni hayratga soldi. Uning asarlari lirik tuyg‘ularga boyligi, xarakterlarning mukammal ifodasi bilan ajralib turadi. Adib ayniqsa, urush fojiasi va muhabbat mavzusini shu darajada dard va mahorat bilan badiiy ifoda etadiki, bu og‘riqlar dunyoning qaysi burchagida yashashingdan, kimligingdan qat’iy nazar seni bezovta qiladi.Faqat insonlar qalbiga yo‘l topa oladigan sara asarlargina chegara bilmaydi va yozuvchiga jahonshumul shon-shuhrat olib keladi. Qo‘chqor Norqobilning asarlari ana shunday umrboqiylikka mansubdir, desam xato qilmayman. Imonim komil, bu kitob hali Yevropaning juda ko‘plab boshqa tillariga ham tarjima qilinib dunyoga tez tarqalib ketadi. Ha, bu kitob shunday bo‘lishga, xuddi Ernest Xeminguey, Erix Mariya Remark asarlari kabi dunyo kezishga haqlidir...”

Albatta bunday e’tirof barchamizni quvontiradi. Yangi 2022 yilimizda o‘zbek adibining asarlar dunyo bo‘ylab yoyilishiga tilakdoshmiz.

Dilobar Mamatova, O‘zA