Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi 25 yillik faoliyati haqida

Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi 25 yillik faoliyati haqida

Toshkentda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi 25 yillik faoliyatini nishonlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kengashning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Britaniya Kengashi direktori – Denis Voddingem, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi – Tim Torlot, shuningdek, Xalq ta’limi, Madaniyat, Oliy va o‘rta ta’lim vazirliklari va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Britaniya Kengashining mamlakatimizdagi faoliyati 1996 yil oktyabrda ikki tomonlama shartnoma imzolanishi bilan boshlangan. O‘shandan buyon tashkilot O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ta’lim, institutsional va madaniy aloqalarni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishdi.

Britaniya Kengashi, asosan, madaniyat va san’at sohalari, ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim tizimini isloh qilish va ingliz tilini o‘qitish sohasidagi ishlar, ingliz tili bo‘yicha bilimlarni baholash tizimiga oid islohotlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Memorandum doirasida 2021 yilda Britaniya Kengashi O‘zbekistonda milliy ta’lim islohotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator dasturlar ishlab chiqqani qayd etildi.

“Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi dasturlarida umumiy 7 yuzdan ortiq tashkilot ishtirok etgan, 115 mingdan ortiq kishi bevosita ko‘mak oldi, O‘zbekiston va Buyuk Britaniyada jami qamrov 27 milliondan ortiq kishini tashkil etdi”, – deydi Britaniya Kengashi direktori Denis Voddingem.

2020 yil oktyabr oyida Britaniya Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Memorandum oliy, kasb-hunar va maktab ta’limini milliy keng ko‘lamli isloh qilish hamda ingliz tilini o‘qitishni rivojlantirishda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda kengaytirish ramzi bo‘ldi. Yirik loyihalar qatoriga “Future English” kiradi, u maktab bitiruvchilariga ingliz tilini yaxshilashga yordam berish va “Onlayn o‘qituvchilar hamjamiyati” platformasi orqali butun mamlakat bo‘ylab ingliz tili o‘qituvchilari uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish imkoniyatini taqdim etishga qaratilgan.

Mazkur yilda Kengash Xalq ta’limi vazirligi bilan ingliz tili bo‘yicha milliy o‘quv dasturi strategiyasini ishlab chiqishda ham ishtirok etdi. Joriy o‘quv yilidan boshlab maktab va universitetlar ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha yangi o‘quv dasturini tatbiq qila boshladi, uni ishlab chiqishda Lester va Kembrij universitetlari jamoasi ko‘maklashgan.

Shuningdek, Britaniya Kengashi hukumatlar, milliy sanoat organlari, universitetlar, tadqiqotchilar, akademiklar va talabalarga Britaniya bilan hamkorlik qilish imkoniyatini beruvchi Going Global Partnership dasturini ishga tushirdi.

Dasturning maqsadi iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi kuchli, inklyuziv, global miqyosda bog‘langan oliy ta’lim tizimini yaratishdir.

Dastur “O‘zgarishlar akademiyasi” – oliy o‘quv yurtlari uchun, bitiruvchilarni yuqori natijalar va ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan. Unda yangi o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalari va tizimlar sifati hamda samaradorligini oshirish, bitiruvchilar o‘rtasida zarur ko‘nikmalarni shakllantirish muammolarini hal etish maqsadida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi.

Kengash mamlakatimizda Britaniyaning zamonaviy san’ati va madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ham qator loyihalarni amalga oshirdi. Shunday qilib, 2017 yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘quv dasturi va zamonaviy san’at ko‘rgazmasi tashkil yetilib, unda 14 ming kishi qatnashdi.

Yana bir loyiha – “Crafting Futures” 2021 yilning ikkinchi yarmida boshlangan. Mazkur loyiha ijodiy va hunarmandchilik yo‘nalishida yosh iste’dod egalarini tarbiyalashga qaratilgan.

Tadbirda loyiha doirasida bir qator davra suhbatlari, xalqaro rezidensiyalar tashkil etilgani ma’lum qilindi. Britaniyalik hamkorlar, jumladan, Lester universiteti, “Hunarmand” uyushmasi va “Human House” san’at galereyasi bilan hamkorlikda hududlarda sohani qo‘llab-quvvatlash uchun yangi platformalar ishlab chiqilmoqda. Bunga misol qilib, shu yil 30 nafar hunarmand ayol barqaror rivojlanish va marketing bo‘yicha tahsil olganini ko‘rsatish mumkin.

“Joriy yilning dekabr oyida biz “Crafting Futures” hunarmandlari ko‘rgazmasini tashkil qildik, unda loyihaning barcha ishtirokchilari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Natijada ular umumiy qiymati 70 ming dollardan ortiq bo‘lgan milliy va xalqaro shartnomalarni jalb etishga muvaffaq bo‘ldi, – deydi Britaniya Kengashi marketing bo‘limi menejeri Umida Nurjonova.

Kelgusi yillarda esa Britaniya Kengashi mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish va ingliz tilini o‘rganishni ommalashtirish, shuningdek, ingliz tilini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni ilgari surish doirasida madaniy va ijodiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.



Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi

O‘zA