O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida axborot texnologiyalari masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida axborot texnologiyalari masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida axborot texnologiyalari ta’limini rivojlantirish yo‘nalishida aloqalar kengaymoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligida Malayziyaning nufuzli UCSI universiteti prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘rtasida IT ta’limini rivojlantirish uchun qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar berildi, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Shu bilan birga, UCSI universiteti filialini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ma’lumot uchun aytish joizki, mazkur oliygoh jahon universitetlari akademik reytingi TOP-300 taligidan o‘rin egallagan.

Uchrashuvda Malayziyaning yetakchi IT kompaniyalarini yurtimizga jalb qilish hamda bitiruvchi talabalarni Malayziya kompaniyalarida ishga joylashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Malayziyaning UCSI universitetiga 1986-yilda asos solingan bo‘lib, 25 ta akademik tarkibiy tuzilmalari mavjud. Hozirda universitetda 12 mingdan ziyod yoshlar 58 turdagi bakalavr, 32 turdagi magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.

Marhabo Madaminova O‘zA