O‘zbekiston va Eron: hamkorlik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud

O‘zbekiston va Eron: hamkorlik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud

O‘zbekiston va Eron davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot, o‘zaro tashrif va uchrashuvlar turli sohalardagi aloqalarning yanada kengayishiga muhim turtki bermoqda.

Ikki mamlakatning o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 503,4 million dollarni tashkil etgan.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariyning o‘zaro muloqotida qayd etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlik, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki mamlakat salohiyatiga umuman javob bermasligi, ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Transport logistikasi, tibbiyot va farmatsevtika, texnik muhandislik, fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar borligi, mazkur yo‘nalishdagi loyihalar ikkala tomon uchun ham birdek manfaat keltirishi aytib o‘tildi.

Parlamentlararo aloqalar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashning amaliy mexanizmi ekanligidan kelib chiqib, do‘stlik guruhlari va qo‘mitalar darajasidagi muloqotlar muntazamligini ta’minlash, o‘zaro tashriflarni faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Yuqori darajada erishilgan o‘zaro kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlamentlar salohiyatini ishga solish muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida ham konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Do‘stona va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida elchi istiqboldagi rejalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishga bor bilim va salohiyatini ishga solishini ma’lum qildi.

N.Abduraimova, O‘zA