O‘zbekiston Senati Raisi BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Senati Raisi BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YUMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish, gender tenglikni ta’minlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro aloqalari tobora kengayib borayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etildi.

O‘zbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qo‘shayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan keyingi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, BRMga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

A.Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi ijobiy holatida O‘zbekistonning muhim roliga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan Markaziy Osiyo bugun ahil-inoq yashamoqda, mamlakatlar barcha sohalarda jadal hamkorlik qilayotir.

O‘zbekiston tashabbusi bilan mintaqa ayollari Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining noyob muloqoti doirasida birlasha oldi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqot yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA