O‘zbekiston – Qirg‘iziston Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi

O‘zbekiston – Qirg‘iziston Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi

Toshkentda O‘zbekiston – Qirg‘iziston Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlatning 80 ga yaqin ishbilarmon doira vakillari ishtirok etgan tadbir kun tartibidagi asosiy masalalar O‘zbekiston – Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shma tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. Ushbu masala yuzasidan jamg‘arma boshqaruvi raisi Aziz Aliyev ma’ruza qildi.

Qirg‘iziston savdo-sanoat palatasi rahbari Temir Sariyev ikki mamlakat Prezidentlari o‘zaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini ta’kidladi.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori keyingi 5-yilda 5 barobarga oshib, 2023-yil yakuniga ko‘ra qariyb 1 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan eksport 630 million, import esa 320 million dollarga yetgan.

Anjumanda tez buziladigan mahsulotlar uchun yashil yo‘lak, umumiy laboratoriya, sanitariya nazorati, qo‘shimcha nazorat-o‘tkazish punktlari ochish va temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Qirg‘izistonning “Alaiku Organics” va O‘zbekistonning “Milk House” kompaniyalari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA