O‘zbekiston va Kanada: hamkorlikning yangi istiqbollari

O‘zbekiston va Kanada: hamkorlikning yangi istiqbollari

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Kanadaning yangi tayinlangan elchisi Alan Xemson bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Senat raisi elchini yuksak va mas’uliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutlab, uning kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, parlamentlararo muloqot darajasini oshirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda savdo-iqtisodiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi, tog‘-kon, energetika, neft-gaz sanoatida istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ilmiy-texnikaviy, jumladan, ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, turizm, ekologiya va atrof muhit muhofazasi yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

O‘zaro munosabatlarning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Bunda ikki mamlakatning shaharlari o‘rtasida birodarlashgan aloqalarni o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi.

Parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tegishli qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro tashriflarni tashkil etish orqali yaqin hamkorlik o‘rnatish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida diplomat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bundan keyin ham yanada rivojlanishi uchun bor imkoniyat va salohiyatini ishga solishini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA