O‘zbekiston – Xitoy mintaqalararo forumida 30 ta bitim va shartnomalar imzolandi

O‘zbekiston – Xitoy mintaqalararo forumida 30 ta bitim va shartnomalar imzolandi

Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanining Urumchi shahrida birinchi O‘zbekiston – Xitoy mintaqalararo forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik, idora, sanoat birlashmalari, savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda mingdan ziyod ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Forumda savdo va sarmoyaviy sheriklikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Oxirgi olti yilda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshib, 14 milliard dollardan oshgan. Bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Xitoydan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi qariyb 15 milliard dollarni tashkil etdi. Eslatib o‘tamiz, yurtimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 2 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda Xitoy kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati qariyb 2 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Ishtirokchilar e’tibori O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, loyihalarni amalga oshirish uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaratildi. Xususan, bir qator ruxsatnoma va litsenziyalar bekor qilindi, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilish choralari ko‘rildi, xorijiy investorlar o‘z aksiyalaridan olingan dividendlar bo‘yicha uch yil muddatga soliq to‘lashdan ozod etildi.

Yetti mingdan ortiq nomdagi xomashyo va tovarlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilindi, yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish Dasturi ishga tushirildi, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 1 milliard dollarlik kapitalga ega Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Shuningdek, “Sanoat ipotekasi” joriy etildi. Natijada keyingi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim barobar, korxonalar soni ikki barobar, sanoat o‘sishi 40 foizdan oshdi.

Hududlar va ishbilarmon doiralar vakillarining bevosita o‘zaro hamkorligini oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatni kengaytirishning keyingi qadamlari va istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Shu nuqtai nazardan, ularni qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga jalb etish, O‘zbekiston viloyatlari va Xitoy provinsiyalarining sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyati ko‘rgazmalarini muntazam o‘tkazish mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Forum “B2B” va “B2G” sessiyasi bilan davom etdi. Unda ikki mamlakat kompaniyalari rahbarlari tafsilotlarni muhokama qilishdi va iqtisodiyotning turli sohalarida o‘zaro manfaatli yangi shartnoma va bitimlar tuzishga muvaffaq bo‘lishdi.

Forum yakuni bo‘yicha mamlakatimizning barcha hududlari va Xitoyning tegishli provinsiyalari o‘rtasida mustahkam iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarni o‘rnatishga oid 27 ta hujjat imzolandi. Bundan tashqari, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida 30 ta bitim va shartnomalar imzolandi.

Mintaqalararo forum doirasida yana bir muhim voqea, ya’ni Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani “Xinjiang International Convention & Exhibition Centre” markazida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasining ochilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA