Urumchida O‘zbekiston – Xitoy birinchi hududlararo forumi boshlandi

Urumchida O‘zbekiston – Xitoy birinchi hududlararo forumi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Urumchi shahrida ikki mamlakatning 1 200 dan ziyod ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O‘zbekiston – Xitoy birinchi hududlararo forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Biznes-forum doirasida “B2B” va “G2B” formatlarda uchrashuvlar o‘tkazilishi, shuningdek, tadbir yakunida qator yirik savdo shartnomalari va investitsiyaviy bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Tadbir doirasida Savdo-sanoat palatasi ko‘magida mamlakatimizdagi korxonalar va eksport uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarning "Made in Uzbekistan" ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston sanoat kompaniyalarini rivojlantirish va investitsion yutuqlarini Xitoy bozorida namoyish etish.

Qayd etish kerak, O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 2 mingdan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili Xitoy kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati qariyb 2 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

O‘zA