O‘zA – “Sinxua”: hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zA – “Sinxua”: hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va Xitoyning yetakchi axborot agentligi - «Sinxua» o‘rtasidagi yaqin, do‘stona aloqalar o‘zining ko‘p yillik an’anasiga ega. Xususan, bu ikki jamoa hamkorligi hozirgacha 1992 yil 13 martda imzolangan «Xitoy Xalq Respublikasining «Sinxua» agentligi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma» hamda 1998 yil 9 iyunda imzolangan «Sinxua» agentligi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA o‘rtasida hamkorlik va axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnomaga ilova» asosida davom etib kelmoqda.

bugungi kunda xalqaro voqealarni yoritishga oid tamoyil, yondashuvlar keskin o‘zgarib, tezkor va ishonchli axborotga talab oshib bormoqda. Bu axborot bozorida o‘ziga xos faollikni talab etadi. Shu jihatdan agentliklar o‘rtasida imzolangan hujjatni takomillashtirish zarurati dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbolidan kelib chiqib, ikki davlat va jahonda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida muntazam axborot almashish, shuningdek, turli loyihalar doirasida hamkorlik qilish, xodimlarning tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish maqsadida «O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bilan «Sinxua» axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim»ning yangi loyihasi tayyorlandi.

Bugun Milliy axborot agentligida mazkur muhim hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bitimni O‘zA tomonidan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, XXR tomonidan esa «Sinxua» axborot agentligining Moskvadagi byurosi vakili Fan Veygo imzoladi.

Tadbirda, shuningdek «Sinxua» agentligi delegatsiyasi – Toshkentdagi bosh muxbiri Say Godun, Rossiya va O‘zbekistondagi vakolatxonalar vakillari, xitoylik ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi.



G‘ayrat XONNAZAROV,

O‘zA