Marg‘ilon ipak matolari AQSH jurnalistlarini hayratga soldi

Marg‘ilon ipak matolari AQSH jurnalistlarini hayratga soldi

Mamlakatimizga kelgan AQSHlik bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Farg‘ona viloyatida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishmoqda.

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining turistik manzillaridan biri. Bu maskanning milliy hunarmandchiligi dunyoni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Yangi bunyod etilgan Hunarmandlar markazi esa qadim va navqiron shaharning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Jurnalistlar bu yerdagi jarayon bilan tanishdi, bu ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

"Forbes" jurnali muxbiri Melik Kaylan, deputat Ari Kargan, jurnalist Isaakson Endi Samuyel, "The Bukharian Times" gazetasi bosh muharriri Rafayel Nektalov usta hunarmand Ibrohimjon Sultonov rahbarligidagi ushbu markazda milliy matolardan bo‘lgan atlas va adras to‘qish jarayonlarini ishtiyoq bilan kuzatdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov Marg‘ilon milliy hunarmandchiligi hamda Farg‘ona viloyatining sayyohlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

– Marg‘ilon asl usta-hunarmandlar shahri ekanligiga bevosita guvoh bo‘lib turibman, deydi, – "The Bukharian Times" gazetasi bosh muharriri Rafayel Nektalov. – Bu yerda biz matoga gul chizishdan boshlab uni tayyor holatga kelish jarayonlariga guvoh bo‘ldik, rosti hayratimiz cheksiz. Kamalak ranglarida tovlanuvchi milliy matolar esa eng yaxshi sovg‘adir.

Darhaqiqat, markazda mahsulotlarning sifati yuqori. Asl ipakka tabiiy bo‘yoqlardan gul chizib mato to‘qiladi. Shu bois bu mahsulotlar xaridorgir. Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilib kelinmoqda.



M.Sulaymonov, O‘zA