O‘zbekiston-Ozarbayjon: kelajakka mustahkam poydevor qo‘yildi

O‘zbekiston-Ozarbayjon: kelajakka mustahkam poydevor qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 21 iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Dunyoda tili, urf-odatlari, madaniyati, hatto tashqi ko‘rinishidan bir-biriga o‘xshab ketadigan millat va elatlar ko‘p. O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini ana shunday xalqlar qatoriga bemalol qo‘sha olamiz. Har ikki millat vakillari bir-birini tarjimasiz tushuna oladi. Turmush tarzimiz, an’ana va urf-odatlarimiz, xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotda mushtarak jihatlarni ko‘plab uchratish mumkin.

Bu ikki buyuk xalqni asrlar, ming yillar mobaynida bir-biriga bog‘lab kelgan o‘xshash jihatlar ham bor. Xalqlarimizning mushtarak yodgorligi hisoblanmish, “Avesto” kitobi, shuningdek, xalq og‘zaki ijodining o‘lmas durdonalari sanalgan “Go‘ro‘g‘li”, “Oshiq G‘arib”, “Dada Qo‘rqut” dostonlari ana shu azaliy qardoshlik, do‘stlik va birodarlikning yorqin isbotidir. O‘zbek musiqasining gultoji sanalgan nodir maqomlarimiz va betakror Ozarbayjon mug‘omlari orasidagi hamohanglik har ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlikni o‘zida ifodalaydi.

Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi yanada mustahkamlandi.

Ozarbayjon Prezidentining davlat tashrifi Haydar Aliyev nomidagi yangilangan ko‘cha va uning yodgorligi ochilishidan boshlandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjonning umummilliy yetakchisi va birodar ozarbayjon xalqiga o‘z hurmat-ehtiromini bildirdi.

– Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi, o‘zbek xalqining yaqin do‘sti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘chaning ochilish marosimidan boshlangani katta ramziy ma’noga ega.

U kishi XX asrning atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi sifatida tarixga kirdi. Haydar Aliyevning qat’iyati, kuchli siyosiy irodasi va beqiyos yetakchilik sifatlari tufayli yosh suveren davlat barcha qiyinchilik va sinovlarni munosib yengib o‘tdi, – dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon umummilliy yetakchisi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va qardosh xalqlarimizning tarixiy rishtalarini izchil mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Ozarbayjon Prezidenti, o‘z navbatida, ushbu tashrif uning pandemiyadan keyingi ilk xorijiy tashrifi ekanini qayd etib, davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqiga Haydar Aliyevning yorqin xotirasini asrab-avaylashga qaratilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

– Aziz qardoshim Shavkat Miromonovichdan Toshkent markazida otam Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlab shunday ko‘rkam go‘shani barpo etish tashabbusi uchun juda minnatdorman. Biz buni o‘zbek qardoshlarimizning buyuk yetakchimizga, umumiy tariximizga chinakam birodarona munosabati sifatida qabul qilamiz. Bu butun Ozarbayjon xalqiga hurmat ifodasi hamdir, – dedi Ozarbayjon yetakchisi.

Marosimda ziyolilar, nuroniylar, ozarbayjon yurtdoshlarimiz ham so‘zga chiqdi. Ular Haydar Aliyev nomidagi obod ko‘cha va xiyobon qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin ramzi ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekistonda ozarbayjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz istiqomat qilmoqda. 2003 yilda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan. 2010 yilda Ozarbayjon elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining yangi binosi ochilgan.

Shundan so‘ng Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbari hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizga kelgan oliy darajadagi mehmonlar tomonidan ushbu monumentga gul qo‘yish marosimi an’anaga aylandi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakatning davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Ozarbayjon Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni kutib oldi.

Davlat rahbarlari shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat madhiyalari yangradi. Mamlakatlarimiz yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Marosimda O‘zbekiston va Ozarbayjon rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirok etdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

2021 yil sentyabr oyida Ozarbayjonda mamlakatimiz avtomobillarini yig‘ish korxonasining ishga tushirilgani muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalardan biri bo‘ldi. Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes-forumda umumiy qiymati yarim milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat hududida neft-gaz, gaz-kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika, vinochilik va oziq-ovqat tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi istiqbollarini muhokama qildilar.

Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Transport yo‘laklarini rivojlantirish, yuk tashish tariflarini maqbullashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, birgalikdagi ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarni o‘tkazish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish muhim ekanini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning muzokaralari ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishni ochar ekan, Ozarbayjon O‘zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt bilan sinalgan, ishonchli strategik sherigi ekanini ta’kidladi. Mamlakatlarimizni din, ma’naviy qadriyatlar mushtarakligi, an’analar, til va madaniyat o‘xshashligi bog‘lab turadi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlik yuksak darajaga chiqqani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sherikligini yanada kengaytirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga intilish qat’iy ekanini tasdiqladi.

O‘zbekiston Prezidenti hamkorlik uchun mavjud ulkan salohiyatni ishga solish, ikki mamlakat iqtisodiyotini to‘ldirib turuvchi omillardan foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, davlatimiz rahbari o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, vinochilik, oziq-ovqat, qurilish, neft-gaz, gaz-kimyo, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda qator loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Mamlakatlarimizda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish uchun davlatlarimiz hududidagi erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, transport kommunikatsiyalari tizimidan, shu jumladan, “Boku – Tbilisi – Qars” temir yo‘lidan foydalangan holda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari kelishib olindi. Ikki tomonlama savdo va tovarlar tranziti yo‘lidagi to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun transport vazirlari rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – qishloq xo‘jaligi. Bu boradagi imkoniyatlar qayd etilar ekan, mutasaddi vazirlarga ipakchilik klasterini tashkil etish, g‘o‘zachilikdagi loyihalarni ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni kelishib olish topshirildi.

Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Tomonlar yaqin fursatda mamlakatlarimiz poytaxtlari va yirik shaharlari o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishiga kelishib oldilar. Davlatimiz rahbari joriy yilda Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumi va ularning sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Prezidentlar bu borada alohida dastur qabul qilish va qo‘shma turizm yarmarkasini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar.

Muzokaralar chog‘ida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, jumladan, Madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, oliy ta’lim dargohlari, ilmiy muassasalar, sport va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan qator boshqa kelishuvlarga ham erishildi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjat imzolandi. Hududlararo hamkorlik, sanoat, xalqaro avtomobil qatnovi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, o‘simliklar karantini va himoyasi sohalaridagi hamkorlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar hamda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi shular jumlasidan.

Ushbu hujjatlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezidentlar muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch, anglashuv va do‘stona ruhda o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon delegatsiyasini samimiy qutlab, ikki xalq munosabatlarining shonli tarixi bugungi ko‘p qirrali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratganini ta’kidladi.

– Ma’naviy qadriyatlarimiz, dinimiz bir, madaniyat va tilimiz o‘xshash, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniy asarlarida Ozarbayjonning sharq va g‘arb tamaddunlari bir-birini boyitgan ko‘plab shaharlari tilga olingan. Sharqshunoslik instituti fondlarida esa Nizomiy, Xoqoniy, Tusiy, Fuzuliy, Xatoiy va boshqa ozarbayjon shoir va mutafakkirlarining o‘nlab noyob qo‘lyozmalari avaylanib saqlanmoqda.

Bu o‘zbek xalqi azal-azaldan ozarbayjon madaniyatiga katta hurmat va qiziqish bildirib kelayotganining yana bir dalilidir, deb ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisi.

– Tor va kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlarda ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni batafsil muhokama qildik. Muzokaralar hamkorligimizni xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashga tayyorligimizni ko‘rsatdi. Salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi. Ular orasida ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradigan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Biz hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini ham belgilab oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar hamkorlikni tubdan faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi, eng avvalo, iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirib turishiga ishonch bildirdilar.

Hojiqabul shahrida avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, ipakchilik sohasidagi hamkorlik rivojlanayotgani bunga misol. Qazib chiqarish, neft-kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, zargarlik buyumlarni ishlab chiqarish, vinochilikda o‘nlab yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Navbatdagi strategik yo‘nalish – strategik kommunikatsiyalarni rivojlantirish. Bugun yuklarni, shu jumladan, “Boku – Tbilisi – Qars” temir yo‘li orqali tashish hajmi ortib bormoqda. Tomonlar yangi yo‘laklarni tashkil etish, multimodal tashishlarni ko‘paytirish, transport korxonalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishib oldilar.

Iqlim bilan bog‘liq xatarlar va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari kuchayib borayotganini hisobga olib, muzokaralarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy va innovatsion yechimlar bilan faol almashish, agrar tarmoqni raqamlashtirish bo‘yicha sheriklikni yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaror qilindi.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bunga joriy yil kuzida Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumining o‘tkazilishi xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar sohada ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz azaldan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Muzokaralar yakunida Madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, gumanitar va turizm almashinuviga doir dasturlarini rivojlantirishga ahdlashib olindi.

– Ozarbayjon Prezidentining tarixiy ahamiyatga ega davlat tashrifi oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bugun biz birodar xalqlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlash va mamlakatlarimiz strategik sherikligini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni shakllantirdik, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Prezident Ilhom Aliyev taklif uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardan xursand ekanini ta’kidladi.

– Qardosh O‘zbekiston zaminida bo‘lib turganimdan, Siz bilan ikki tomonlama munosabatlarning keng doirasi va tashqi siyosiy kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilishdan mamnunman, – dedi Ilhom Aliyev. – O‘ylaymanki, bu haqiqatdan ham muvaffaqiyatli tashrif. Chunki muhokama qilingan mavzularning mohiyati, shakli, mazmuni bo‘yicha ham, biz qabul qilgan qarorlar bo‘yicha ham ushbu tashrif va kelishuvlar munosabatlarimizning yanada rivojlanishiga asos bo‘ladi.

Ozarbayjon yetakchisi imzolangan hujjatlar va bugungi vazifalar ijrosi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashini qayd etdi.

– Bugun biz iqtisodiy hamkorlik, biznes tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalar, xavfsizlik va mudofaa qobiliyati, madaniy-gumanitar aloqalar to‘g‘risida fikr almashdik. Ya’ni, keng ma’noda aytadigan bo‘lsak, faol hamkorligimiz uchun poydevor yaratilmoqda, – dedi Ozarbayjon Prezidenti.

Davlat rahbarlari xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro muloqot konstruktiv kechayotgani va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev davlatimiz rahbari hamrohligida Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar buning uchun qulay maydon.

Poytaxtimizdagi Texnoparkda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kunda shundan 13 tasi ishga tushgan bo‘lib, elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik va deraza romlari uchun aksessuarlar yasalmoqda. Bu tovarlar xorijiy brendlar nazorati ostida tayyorlanishi bois mintaqa bozorlaridan o‘rin egallamoqda.

Bu yil izolyatsiya mahsulotlari, suv isitish uskunalari, oshxona texnikasi korxonalari hamda logistika markazi foydalanishga topshiriladi.

Ozarbayjon Prezidenti va mehmonlarga bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.

Davlat rahbarlari sanoat sohasi mutasaddilariga birgalikda ishlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi va savdoni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga daraxt ekdi.

Bu tashrifga uzoq va puxta tayyorgarlik ko‘rilgan edi. Erishilgan natijalar shunga munosib bo‘ldi – ikki mamlakat hamkorligi kelajagiga mustahkam poydevor qo‘yildi.

Davlat rahbarlari ekkan nihol ushbu yangi rejalarning, xalqlarimiz do‘stligining ramzi sifatida gullab-yashnaydi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.





Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA