O‘zbekiston siyosiy partiyalarining YeXHT institutlari bilan hamkorligi faollashdi

O‘zbekiston siyosiy partiyalarining YeXHT institutlari bilan hamkorligi faollashdi

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) Eogan Merfi boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Dastlab delegatsiya vakillariga partiya faoliyatining hozirgi kundagi ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Xususan, siyosiy partiyalarning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi.

Muloqot mobaynida 2021 yil 24 oktyabrda o‘tkazilgan O‘zbekiston prezidentligiga saylovni kuzatish bo‘yicha DIIHB delegatsiyasi missiyasining yakuniy hisoboti ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda tomonlar YeXHT ning bo‘lajak saylovlar huquqiy bazasi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarini har tomonlama muhokama qilishga alohida e’tibor qaratdi. Bu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Fikr almashinuvlar chog‘ida keyingi yillarda O‘zbekiston siyosiy partiyalarining YeXHT institutlari, jumladan, DIIHB bilan ham hamkorligi sezilarli darajada faollashgani qayd etildi.

Do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan tadbirda tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.



G.Sattorova, O‘zA