O‘zbekiston tajribasi xalqaro konferensiyada yuqori baholandi

O‘zbekiston tajribasi xalqaro konferensiyada yuqori baholandi

Qohirada davom etayotgan xalqaro anjumanning asosiy qismida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom ma’rifatini to‘g‘ri yetkazish va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turish borasidagi O‘zbekiston tajribasi haqida nutq so‘zladi.

Xususan, “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida ekstremistik g‘oyalar ta’siridan xalqimizni himoya qilishda sof Islom aqidasini keng yoyish, chiroyli pandu nasihat qilish va aholi ilm-ma’rifatini boyitishga katta e’tibor qaratilayotgani alohida qayd etildi.

Ayniqsa, Qur’oni karimni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash uchun O‘zbekistonning har bir hududida tajvid kurslari tashkil etilgani ishtirokchilarga manzur keldi.

Muftiy kechirimlilik siyosati tufayli mamlakatda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan fuqarolar, o‘z qilmishidan pushaymonligi va to‘g‘ri yo‘lga kirganligini hisobga olinib, maxsus hisobdan chiqarilgani hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan minglab shaxslar jazodan ozod etilgani haqida ma’lumot berdi.

Mazkur toifadagi insonlar o‘zlarini davlat himoyasi va g‘amxo‘rligi ostida ekani, to‘laqonli fuqaro sifatida his qilishi uchun barcha shart-sharoitlar hozirlangan.

Shuningdek, ma’ruzada yoshlarni adashishlikka olib boruvchi omillarga qarshi qaratilgan ishlarga katta e’tibor berilayotgani, ulamolar, imom-xatiblar va diniy soha xodimlari doimiy ravishda aholiga imon-e’tiqod, dinu diyonat va ilmu ma’rifat haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shu bilan bir qatorda xalqimiz e’tiqodi sofligini muhofaza qilish ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.

Ayniqsa, Yaqin Sharq va Afg‘oniston hududlaridan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilgan «Mehr» operatsiyalari, olib kelinganlarning jamiyatga moslashuvi uchun qilinayotgan ishlar ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Yangi O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholandi.



G.Sattorova, O‘zA