Buxoroda Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi boshlandi

Buxoroda Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi boshlandi

O‘tgan yili Istanbul sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022 yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu tashabbus barcha qardoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Turkiy davlatlar tashkilotining real salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ahamiyatini oshirish va xalqaro hamjamiyatdagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan joriy yilning 3-4 iyun kunlari Buxoro shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi o‘tkazilmoqda.

“Yosh liderlar forumi” 2018 yildan buyon turizmni rivojlantirish, davlatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadi. Shu kunga qadar ushbu forum Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan. Forumda ilk marotaba Buxoro shahri “Birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti” deb tantanali ravishda e’lon qilinishi, Yoshlar markazida esa “Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti” monumenti va “Turkiy dunyo yoshlari bog‘i” ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA