O‘zbekiston - Tojikiston xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi

O‘zbekiston - Tojikiston xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi

Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida 1 iyun kuni “Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ta’minlashda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekistondan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Fanlar akademiyasi, Tojikiston Respublikasidan esa Prezident huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Milliy Fanlar akademiyasi mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda mustaqil ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston-Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqani yanada chuqurlashtirish uchun amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov davlatlarimiz rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning qat’iy siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakati bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik barcha yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishgani ta’kidladi.

bugungi kunda ikki tomonlama munosabatda barcha masalalar hal etilmoqda. Chegara masalasi tartibga solindi, viza rejimi bekor qilindi, nazorat-o‘tkazish punktlarining to‘la-to‘kis ishlashi tiklandi, ikki tomonlama transport-kommunikatsiya tizimi yangilandi, xavfsizlik, suv-energiya resurslaridan birgalikda foydalanish masalalari hal etildi, hududlararo yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi, madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda.

Ekspert-tahliliy doiralar hamkorligi jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatlarimiz iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish, jumladan, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yuqori qiymat solig‘iga ega tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun qo‘shma klasterlar yaratish borasida hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi aytib o‘tildi.

Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bugungi kunda ikki mamlakat yetakchilarining oqilona siyosati tufayli davlatlarimiz o‘rtasidagi barcha muammmoli masalalar hal etilgani ta’kidlandi.

Uning ta’kidlashicha, “Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi chog‘ida ko‘plab masalalar muhokama qilinadi. Abadiy do‘stlik deklaratsiyasi imzolanishi muzokaraning asosiy natijasi bo‘ladi. Hujjat savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yanada rivojlanishiga turtki beradi”.

Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Farxod Rahimiy, o‘z navbatida, mamlakatlarimiz olimlari, ekspert va tadqiqotchilari yaqin munosabatni yo‘lga qo‘yish, mintaqamiz va dunyodagi muammolarni birga o‘rganish maqsadida davlatlarimiz yetakchilari tomonidan yaratilgan shart-sharoitlardan foydalanishlari zarurligini ta’kidladi. Bu Tojikiston - O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga, butun Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirishga yordam beradi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzodaning qayd etishicha, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ko‘plab muammolarni oqilona hal qilish uchun mintaqaning boshqa mamlakatlariga namunadir.

Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Iqtisodiyot va demografiya instituti direktori Sharif Rahimzoda o‘z ma’ruzasida, jumladan, davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ko‘p ming yillik tarixga ega ekanligini eslatarkan, kelgusi hamkorligimiz mintaqada o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, yagona bozor yaratishda o‘rnak va asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Manzura Rustamova ma’lum qilishicha, tadbirkorlarimizning samarali faoliyati tufayli hozirgacha 300 dan ziyod qo‘shma korxona tashkil etildi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oxirgi olti yilda 37 barobar oshdi.

Joriy yil birinchi choragida ayni ko‘rsatkich 173,6 million dollarga yetdi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 40 million dollar yoki 30,4 foiz ko‘p.

Rossiya-Tojikiston universiteti Geosiyosiy tadqiqotlar markazi direktori, tarix fanlari doktori Guzel Maytdinovaning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar 2018 yildan buyon savdo-iqtisodiy aloqadan tortib, mudofaa sohasigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda uzviy sheriklikni ta’minlashga erishdilar.

Strategik tadqiqotlar markazi direktori o‘rinbosari Parviz Muhammadzoda Prezident Emomali Rahmonning qardosh O‘zbekistonga rasmiy tashrifini “Tojikiston - O‘zbekiston munosabatlari yangi tarixidagi muhim voqea” deb atadi. Uning e’tiroficha, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan, Markaziy Osiyo barqarorligi garovi sifatida hudud iqtisodiyoti taraqqiyotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan amaldagi noyob hamkorlik modelidan mintaqamiz va jahonning boshqa mamlakatlari o‘z tajribasida keng foydalanishlari mumkin.

Strategik tadqiqotlar markazi Mintaqaviy xavfsizlik masalalarini o‘rganish boshqarmasi boshlig‘i Komron Hidoyatzoda Markaziy Osiyo davlatlari manfaatdor bo‘lgan hududning harbiy-siyosiy vaziyatini prognozlash maqsadida ekspert-tahliliy hamkorlik zarurligini bildirdi. U shuningdek, ulkan salohiyatga qaramay, axborot xavfsizligini ta’minlashda zaif tomonlar mavjudligini e’tirof etdi.

A. Bahovaddinov nomidagi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti direktori Nazar Mo‘’min ishtirokchilarga institut huzurida tashkil etilgan Ibn Sino markazi haqida so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ibn Sinoni faqat buyuk tabib deyish noto‘g‘ri, chunki olim shu paytgacha amalda yetarli o‘rganilmagan falsafiy meros qoldirgan. Alloma asarlarini o‘rganish va ommalashtirish Markaziy Osiyo aholisi va yoshlarini turli buzg‘unchi mafkuralar ta’siriga tushib qolishdan asraydi.

Ikki mamlakat ekspertlari Tojikiston Prezidentining yurtimizga tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi, degan yakdil to‘xtamga kelishdi. Ayni dam sheriklik mustahkamlanib borishi ikki mamlakat fuqarolarining kundalik hayotiga ham ta’sir ko‘rsatgani, barqaror rivojlanish va aholi turmush darajasi oshishiga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Konferensiya doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Hujjatga ko‘ra, tomonlarni qiziqtirgan mavzularda qo‘shma tadqiqotlar olib borish, muntazam ravishda anjuman, davra suhbatlari o‘tkazish ko‘zda tutilgan.



Ulug‘oy DOLIEVA, O‘zA