O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkiloti hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkiloti hamkorlikni mustahkamlamoqda

Jidda shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, memorandum imzolash marosimi “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli” mavzusidagi xalqaro seminar yakunida bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar 22-26 may kunlari Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi 19-doimiy sessiyasi doirasida tashkil etildi.

Sessiya ishida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Mirzatillo Tillaboyev va mamlakatimizning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili ishtirok etdi.

Memorandum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev va Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Xadji Ali Achikgyul tomonidan imzolandi.

Tomonlar ushbu memorandum doirasida umumiy manfaatlardan kelib chiqqan holda o‘zaro hamkorlikka taalluqli masalalarni muhokama qilish uchun muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazish hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo‘shma tadbirlar, dastur va loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Xadji Ali Achikgyul Memorandum inson huquqlarini himoya qilish sohasida uzoq yillar xizmat qilishini va birgalikda faoliyat yuritish uchun eng maqbul mexanizm vazifasini bajarishini qayd etdi. Ushbu hujjat Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari uchun munosib namuna ekanini alohida ta’kidladi.

Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining 19-xalqaro sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot taqdim etildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining bu boradagi tizimli faoliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, inson huquqlari sohasida qabul qilingan yangi qonunlar, inson huquqlari ta’limi yo‘nalishidagi O‘zbekiston tajribasi haqida atroflicha so‘zlab berildi hamda tadbir mavzusidan kelib chiqqan holda bir qator takliflar bildirildi.

Sessiya ishtirokchilariga 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan inson huquqlari bo‘yicha maqsad va vazifalari haqida ham batafsil axborot berildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Global forumga Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zolari tomonidan katta qiziqish bildirildi.



O‘zA