O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti

O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti

Farg‘ona shahrida “YeXHTning Lyublyana tavsiyalari va O‘zbekistonning millatlararo totuvlik siyosati” mavzusida mintaqaviy davra suhbati o‘tkazildi.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissarining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anton Tomsen ishtirok etdi.

Unda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari milliy madaniy markazlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda onlayn tarzda YeXHT koordinatorlari qatnashdi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Hotamov 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda millatlararo bag‘rikenglikni, o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalarni ta’minlash yo‘lida viloyatda qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ayni paytda qariyb 4 million aholi umrguzaronlik qilayotgan Farg‘ona viloyatida tojik, qirg‘iz, rus, koreys, ukrain, tatar, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, turkman kabi turli millat vakillari hamjihatlikda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Farg‘ona shahridagi Do‘stlik uyida 8 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratib berilgan. Umuman olganda, viloyatda barcha millat va elatlar o‘z tili, urf-odat va an’analari, tarixi va madaniyatini o‘rganishi, rivojlantirishi uchun teng imkoniyatga ega. Mahallalar, turli madaniyat maskanlari, ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan tadbirlar millatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidovning qayd etishicha, millatlararo totuvlikni ta’minlashda O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar Farg‘ona viloyati tajribasi misolida butun dunyoga targ‘ib qilishga arziydi.

Davra suhbatida mavzuga oid ma’ruzalar tinglandi.



N.Bozorova, O‘zA